O‘zbekiston | 18:10 / 02.06.2021
6080
3 daqiqa o‘qiladi

Milliy komissiya Qoraqalpog‘iston tarixiy yodgorliklarini YuNESKO ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha ish boshladi

YuNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy komissiyasi Qoraqalpog‘iston tarixiy yodgorliklarini YuNESKOning Jahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritish uchun tadqiqot ishlarini boshladi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning buyrug‘i bilan Qoraqalpog‘istonda mintaqadagi madaniy meros obektlari salohiyati va qiymatini o‘rganish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ekspeditsiyasi o‘tkazildi.

2021 yil apreldan maygacha bo‘lgan davrda Qoraqalpog‘iston Respublikasida xalqaro ekspeditsiya ish olib borgan bo‘lib, u mintaqa tarixiy va madaniy merosi obektlari salohiyati hamda qiymatini baholadi va ularni ro‘yxatlarga kiritish strategiyasini ishlab chiqdi. Ekspeditsiya YuNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiya, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligi, shuningdek, viloyat hokimliklari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Kompleks ilmiy tadqiqotlar olib borgan xalqaro ekspertlar guruhi tarkibiga arxeologiya, arxitektura, madaniyat hamda yodgorliklar tarixi va hujjatlari sohasidagi mahalliy va xorijiy mutaxassislar kiritildi. Ekspeditsiya Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro instituti homiyligida va London Universitet kolleji ko‘magida «Markaziy Osiyo arxeologik landshaftlari» loyihasi doirasida bo‘lib o‘tdi.

Markaziy Osiyo mintaqasi tarixida ilk bor yangi metod va uskunalardan foydalangan holda obektlarni batafsil hujjatlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Ma'lumotlarni yig‘ish uchun mutaxassislar uchta uchuvchisiz uchish vositasidan foydalangan. To‘rt ixtisoslashgan guruh 8 000 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tdi. Tadqiqotlar natijasida viloyatning 53 ta yodgorligi haqida materiallar, 67 000 dan ortiq aerosuratlar va 144 ta videofilmlar olindi. To‘liq tadqiqot 5 000 gektardan ortiq maydonni qamrab oldi.

Tadqiqot natijalari batafsil aerosuratlar va har bir yodgorlikning uch o‘lchovli modelidan iborat bo‘ladi hamda uning asosida tabiiy, me'moriy, infratuzilma, maishiy va boshqa elementlar aniqlanadi.

Keng miqyosli tadqiqotlar asosida xalqaro ekspertlar guruhi tomonidan ishlab chiqilgan tavsiyalar O‘zbekiston tarixi va madaniyati noyob obektlarini saqlash bo‘yicha global strategiyani va ularni YuNESKOning nufuzli xalqaro ro‘yxatiga kiritish dasturini shakllantirishga imkon beradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid