08:02 / 05.06.2021
5231

Xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish to‘g‘risidagi bitim tasdiqlandi

Prezident tomonidan «Xalqaro shartnomalarni tasdiqlash to‘g‘risida»gi qaror imzolandi.

Ratifikatsiya qilinmaydigan, lekin kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan davlat ichki tartib-taomillari o‘tkazilishi nazarda tutiladigan xalqaro shartnomalarni tasdiqlash va qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi nomidan yoki O‘zbekiston Respublikasi hukumati nomidan tuziladigan xalqaro shartnomalarga nisbatan — O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan amalga oshiriladi.

Hujjatga muvofiq quyidagilar tasdiqlandi:

2009 yil 20 noyabrda Yalta shahrida MDH ishtirokchi-davlatlarining Hukumat rahbarlari kengashi yig‘ilishida imzolangan MDH ishtirokchi-davlatlarining hududidan o‘tuvchi xalqaro transport yo‘laklarini kelishilgan holda rivojlantirish to‘g‘risidagi bitim;

2016 yil 28 oktyabrda Minsk shahrida imzolangan xalqaro transport yo‘laklarini kelishilgan holda rivojlantirish to‘g‘risidagi 2009 yil 20 noyabrdagi bitimga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi bayonnoma.

Bitim 9 ta mamlakat – Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, RF, Tojikiston, O‘zbekiston, Ukraina tomonidan imzolandi. Ushbu Bitim bilan xalqaro transport yo‘laklarini (XTY) rivojlantirish va ishtirokchilar tomonidan ulardan foydalanish masalalari XTY tizimlari ta'minotini uyg‘unlashtirish asosida tartibga solinadi.

XTY tizimlari ta'minoti XTYni kelishilgan holda rivojlantirishni ta'minlash bo‘yicha taraflarning vakolatli organlari hamda MDH tarmoq hamkorligini amalga oshiruvchi organlarining normativ-huquqiy, resurs va axborot-logistika sohalaridagi faoliyati hisoblanadi.

Bayonnomada aks ettirilgan o‘zgartirishga muvofiq, bitim taraflari vakolatli organlari hamda MDH tarmoq hamkorligini amalga oshiruvchi organlari faoliyatini muvofiqlashtirish va ularning axborot ta'minoti MDH ishtirokchi-davlatlarining Muvofiqlashtiruvchi transport kengashi (ilgari – MDH transport yo‘laklarini muvofiqlashtiruvchi qo‘mitasi) tomonidan amalga oshiriladi.

Mazkur xalqaro shartnomalarning kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan davlat ichki tartib-taomillari taraflar tomonidan bajarilganligi to‘g‘risidagi yozma bildirishnoma depozitariy tomonidan olingan kundan boshlab bitim kuchga kiradi.

Shu munosabat bilan, TIVga O‘zbekiston Respublikasi tomonidan mazkur xalqaro shartnomalarning kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan davlat ichki tartib-taomillari bajarilganligi hamda ularni amalga oshirish uchun mas'ul bo‘lgan vakolatli organ to‘g‘risida depozitariyga tegishli bildirishnomani yuborish topshirildi.

Transport vazirligi mazkur xalqaro shartnomalarni amalga oshirish uchun mas'ul vakolatli organ etib belgilandi.

Top