20:29 / 06.06.2021
38999

Yangi kupyuralar, MIX va uning pensiyalarga ta’siri – haftaning «pullik» xabarlari

Yakunlangan hafta O‘zbekiston iqtisodiyotida juda muhim haftalardan bo‘ldi. Kun.uz haftaning «pullik» xabarlarini to‘pladi.

O‘zbekistonda birinchi marta minimal iste’mol xarajatlari e’lon qilindi

Respublika aholisining minimal iste’mol xarajatlari miqdori dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, kishi boshiga bir oyda 440 ming so‘m etib belgilandi.

Hozirga qadar kambag‘allik chegarasi real ko‘rsatgichlarga asoslanmagan edi. Endilikda shu qiymat orqali kambag‘allikka qarshi kurashishda bu chegaradan foydalanalishi ma’lum qilindi. MIX aholiga moddiy-ijtimoiy yordam berishda, pensiya va nafaqalari tayinlashda yaxshi samara beradi.

1 iyuldan pensiya va nafaqalarning eng kam miqdori oshiriladi

Joriy yilning 1 iyulidan boshlab ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi pensiyalarning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda 256 ming so‘mdan 400 ming so‘mga oshiriladi.

Shuningdek, belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan 565 000 so‘mgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir va nogironlik bo‘yicha pensiyalari miqdori 565 000 so‘mga, zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori 315 030 so‘mdan 400 000 so‘mga yetkazildi.

Boquvchisini yo‘qotganlik uchun hamda bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ham nafaqalar oshirilmoqda.

O‘zbekistonda 2 000 va 20 000 so‘mlik kupyuralar muomalaga chiqariladi

Yangi kupyuralar 2021 yilning 14 iyunidan muomalaga chiqarilishi kutilmoqda. Kupyuralar dizayni tasdiqlandi.

Mazkur banknotlar tematikasi «Buyuk Ipak yo‘li» va mamlakat hududidagi qadimiy Buxoro shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasi tarixiga bag‘ishlangan.

Soliqlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati haqida batafsil ma’lumot berildi

2021 yil 1 iyundan boshlab uch yildan ortiq vaqtdan buyon faoliyat ko‘rsatayotgan hamda hisoblangan soliqlarni muddatida to‘liq to‘lab kelgan, lekin moliyaviy ahvoliga ko‘ra, soliq qarzini to‘lash imkoniyatiga ega bo‘lmayotgan tadbirkorlik sub’yektlari soliqlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lashi mumkin bo‘ladi.

Garovsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lanadigan soliq summasi tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan oxirgi uch yil davomida to‘langan soliq summasining 50 foizidan oshmasligi lozim.

Bu borada muhim savollarga Moliya vazirligi mas’uli batafsil javob berdi.

Yer-mulk solig‘i miqdorini obektning bozor qiymatiga qarab belgilashga o‘tiladi

Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov O‘zbekistonda yer va mol-mulkka uning bozor qiymatidan kelib chiqqan holda soliq solish tizimi ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi.

«3 qavatli uyi bor odam 3 barobar ko‘p soliq to‘lashi kerak. Bu yerda asosiy maqsad – bozor qiymatiga kelish. Agar sizning kvartirangiz yoki hovlingiz qimmat bo‘lsa, meniki undan arzonroq bo‘lsa, men sizdan kamroq soliq to‘lashim kerak. Bozor qiymatidan kelib chiqilsa, shunday bo‘ladi. Biz barqaror tizim yaratish orqali adolatni ta’minlamoqchimiz», dedi vazir o‘rinbosari.

Buxoroda 2,8 milliardlik gaz-kimyo majmuasi quriladi

O‘zbekiston Energetika vazirligi Buxoro viloyatida Rossiya bilan hamkorlikda qurilayotgan yirik gaz-kimyo majmuasi loyihani «MDHda tengsiz» deb ta’rifladi.

Majmua MTO (metanoldan-olefinlar) texnologiyasiga asoslanadi. Loyihani moliyalashtirish va moliyalashtirish bilan bog‘liq xatarlarni sug‘urtalash uchun 800 million dollar ajratilmoqda.

Top