O‘zbekiston | 13:50 / 08.06.2021
47639
4 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: Tarixiy qarorlar qabul qilyapmiz. Yerni xalqqa beramiz

Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini ta'minlash bo‘yicha vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilishda yer xalqqa bo‘lib berilishi, 10 yilga ijaraga berilishi, kam ta'minlangan va ishsiz yurganlar yer olishi haqida gapirdi.

«Milliy bank» rahbari, Toshkent shahar hokimi bilan birga poytaxtda yil yakuniga qadar xizmat ko‘rsatish sohasida 200 ming ish o‘rinlar yaratish rejasini taqdim qilsin.

Bugun mutasaddilar xizmat ko‘rsatish loyihalarini jadallashtirib, uchinchi chorakda 75 mingta, yil yakuniga qadar yana 100 mingta, jami 175 mingta yangi doimiy ish o‘rinlarini yaratishga mas'ul.

Bunda, xalqaro va viloyatlararo magistral yo‘llar yoqasida savdo va xizmat ko‘rsatish obektlarini tashkil etib, 50 mingta, shahar va tuman markazlarida maxsus ko‘chalar, har bir tuman markazi va mahallada tashkil etib, kamida 100 mingta ish o‘rinlari yaratilishi shart.

Tarixiy qarorlar qabul qilyapmiz. Yerni xalqqa bo‘lib beramiz. 10 yilga ijaraga beriladi, kam ta'minlagan, ishsiz yurgan odamlar olishadi. Bir necha marta hosil olishadi, hatto olgan g‘allasini ham o‘ziga qoldiramiz.

Endi vazifamiz faqat yer berish emas, o‘sha yerdan qanday daromad topishni o‘rgatishimiz kerak. Zamon o‘zgaryapti, biz zamondan orqada qolmasligimiz zarur. Yetishtirilgan mahsulotlar sotib olinadigan tizim yaratilishi kerak», deya prezidentning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Endi katta tizimga o‘tilayotgani, hokimlar, sektor rahbarlari qaysi paxta va g‘alla maydonini qisqartirishni aniqlab, ularni ishsiz aholiga berishi zarurligi, berganda ham, manfaatdor qilib, adolatli ajratish kerakligi, bu yuz minglab odamlarni ish bilan, daromad bilan ta'minlashi aytib o‘tilgan.

Mutasaddilarga yer olgan aholiga urug‘ va ko‘chatlar yetkazib berish, yetishtirilgan mahsulotlarni sotib olishni moliyalashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.

Surxondaryoda boshlanayotgan tajriba asosida, ishsiz aholiga qishloq xo‘jaligi yerlarini 10 yil muddatga dehqonchilik bilan shug‘ullanish uchun ijaraga berish tartibi joriy qilinishi ma'lum qilingan.

«Buning uchun, joriy yildan boshlab qariyb 100 ming gektar g‘alladan bo‘shagan yer maydonlari ishsiz aholiga dehqon xo‘jaligi tashkil etish uchun beriladi. Shu orqali, kamida 400 ming kishini band qilish imkoni mavjud», degan davlat rahbari.

Prezident g‘alladan bo‘shagan yerlarning 800 ming gektari ishsiz aholiga bozorbop ekin ekish uchun berilishini aytib o‘tgan.

«Oldin tomorqachilik rivojlanmadi, sababi, mahsulotni sotib oladigan bo‘lmadi. Viloyatlar va tumanlar hokimlari, sektor rahbarlari g‘alladan bo‘shagan maydonlarni ishsiz aholiga adolatli ajratib, ularga eksportyor va klasterlarni biriktirsin.

G‘alladan bo‘shaydigan yerlarning 800 ming gektari ishsiz aholiga bozorbop takroriy ekin ekish uchun beriladi. Bunda, ishsiz aholi va yoshlarga yerni ijaraga bergan klaster hamda fermerlar, ushbu yer maydoni uchun soliqdan ozod qilinadi. Na fermer, na klaster buning uchun soliq to‘laydi. Muhimi xalqimiz daromad topishi. Bu orqali, qariyb 1,5 million aholini mavsumiy ish bilan ta'minlab, daromadli qilish mumkin», degan davlat rahbari.

Mavzuga oid