12:57 / 08.06.2021
2076

“Turk havo yo‘llari” Istanbuldan Farg‘onaga ilk parvozini amalga oshirdi 

“Turk havo yo‘llari” aviakompaniyasi Istanbuldan Farg‘onaga ilk parvozini amalga oshirdi. Istanbuldan 165 nafar yo‘lovchi bilan Farg‘ona xalqaro aeroportiga kelib qo‘ngan samolyot tantana bilan kutib olindi. 

Viloyat hokimligi axborot xizmatining ma'lum qilishicha, Farg‘ona xalqaro aeroporti direktori Timur Xalilov va “Turk havo yo‘llari”ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bosh direktori Selim Qahriman samolyot trapi oldida ramziy lenta qirqqan.

Turk pilotlar hamda ekipaj a'zolari non hamda gullar bilan kutib olingan.

Dunyodagi eng yirik aviakompaniyalardan biri, jahonning 120 dan ziyod davlatlariga, 300 ortiq aeroportlarga charter va muntazam reyslarni amalga oshirib kelayotgan “Turk havo yo‘llari” samolyotlari haftaning seshanba va juma kunlari Istanbul-Farg‘ona-Istanbul yo‘nalishida qatnovlarni amalga oshirishi belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, “O‘zaviatsiya” agentligi tomonidan 2021 yil 15 aprelda Turkiya Respublikasining “Turkish Airlines” aviakompaniyasiga Istanbul-Urganch-Istanbul va Istanbul-Farg‘ona-Istanbul yo‘nalishlarida O‘zbekiston Respublikasiga muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma berilgan.

Avvalroq, Farg‘onadan Istanbulga ilk parvoz amalga oshirilgani haqida xabar berilgan edi.

Top