O‘zbekiston | 20:52 / 09.06.2021
10350
4 daqiqa o‘qiladi

Yirik investorlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri yer ajratish davom etadi. Adliya vaziri izoh berdi

Yer munosabatlariga oid prezident farmoni bilan, hokimlarning tadbirkorlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri yer ajratish vakolati bekor qilinayotgan bo‘lsa-da, bunday huquq hukumatda saqlab qolindi.

Unga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi to‘rtta holatda istisno tariqasida yerlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri ajratib berishi mumkin. Shulardan biri – kamida 10 mln dollar sarmoya kiritadigan investorlarga yerlar tanlovsiz taqdim etiladi.

Nima uchun tanlov orqali emas? Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu savolni bergan ayrim foydalanuvchilar mazkur band oligarxlar uchun «lazeyka» ekanidan xavotir bildirdi.

Mazkur masaladagi savolga 9 iyun kuni shu farmon yuzasidan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida adliya vaziri Ruslanbek Davletov javob berdi.

Vazirning aytishicha, yirik investorlarga yerlar to‘g‘ridan to‘g‘ri emas, eng yaxshi taklifni tanlab olish – «swiss challenge» orqali ajratiladi.

«Bu yerda to‘g‘ridan to‘g‘ri demayapmiz, eng yaxshi takliflarni tanlab olish – «swiss challenge» dedik. Ya'ni xorijiy investor kelib o‘zini taklifini aytadigan bo‘lsa, albatta, buni hammaga e'lon qilib, ma'lum vaqt beriladi. O‘sha investordan ko‘ra yuqoriroq [yaxshiroq] taklif berilsa, o‘shalarga yer ajratilishi kerak. Biz bu narsani ko‘zda tutganmiz, bu nizomlarda ham yoziladi.

Xorijiy investor aslida o‘zbekistonlik biror kimning qarindoshi bo‘lib chiqishi masalasida, bu – korrupsiyaga qarshi va noqonuniy orttirilgan boyliklarni legalizatsiya qilishga qarshi kurashish doirasida amalga oshiriladi. Kelayotgan investorni ochiq reyestrlar orqali muassisini ko‘radigan bo‘lsak, u yerda yana bitta yuridik shaxs yoziladi. U boshqa davlatdagi yuridik shaxs bo‘ladi. Ya'ni, bu yerda uning orqasida bevosita turgan shaxs kimligini aniqlash oson emas. Shunday bo‘lsa-da, bunday vaziyatda noqonuniy boyliklarni legallashtirishga qarshi qonunlarimiz ishlashi kerak.

Chet eldan kelayotgan investor bizga loyiha bilan keladi. Nega Vazirlar Mahkamasida to‘g‘ridan to‘g‘ri yer ajratish huquqi qoldi, deyapsiz. Butun dunyoda hukumat nafaqat yerni, balki davlat mulkini ham tasarruf qiladi. Davlat mulki – yerga qaraganda ham ko‘proq va kattaroq boylik. Davlat mulkini tasarruf etayotgan hukumatga ishonmaydigan bo‘lsangiz… Hukumat, birinchidan, Oliy Majlis orqali shakllanadi, rahbari bevosita palatalar tomonidan saylanadi, buning uchun ovoz beriladi.

Bundan tashqari, bu ishlar ochiq-shaffof reglament asosida bo‘ladi, deyapmiz. Loyiha Vazirlar Mahkamasiga kiritilishidan oldin vazirliklar ko‘rishi kerak. Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi kerak. Mana shunday shaffoflik standartlariga bu yerda amal qilinishi kerak», – deya Ruslanbek Davletovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Prezident farmoniga asosan, Vazirlar Mahkamasiga 2 oy muddatda Yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun eng yaxshi taklifni tanlab olishning ma'muriy reglamentini tasdiqlash vazifasi yuklatilgan.

Mavzuga oid

E`lonlar