Jahon | 09:58 / 10.06.2021
5523
2 daqiqa o‘qiladi

Albaniya parlamenti prezidentga impichment e'lon qildi  

Foto: Reuters

Albaniya parlamenti mamlakat prezidenti Ilir Metaga konstitutsiyani buzgani uchun impichment e'lon qildi va uni o‘z lavozimidan chetlatdi. Ta'kidlanishicha, mamlakat tarixida ilk bor parlament prezidentni lavozimidan chetlatdi.  

Associated Press axborot agentligining xabar berishicha, impichment e'lon qilish uchun 93 deputat ovozi yetarli hisoblangan. Natijada prezidentni lavozimidan chetlatishni parlamentning 104 a'zosi qo‘llab-quvvatlagan.  

Endi prezidentning o‘z lavozimidan chetlatilishi bo‘yicha yakuniy qarorni mamlakat konstitutsiyaviy sudi 3 oy ichida chiqarishi kerak bo‘ladi. 

Impichment bo‘yicha ovoz berish parlament surishtiruvi Meta tomonidan konstitutsiyaga rioya qilinmagani aniqlangandan keyin o‘tkazilgan. Prezident 2021 yil apreldagi parlament saylovlarida hukmron Sotsialistik partiyaga nisbatan “noxolis munosabatda” bo‘lganlikda ayblanmoqda. 

Aprel oxirida Sotsialistik partiyadan deputatlar Metaga nisbatan tergov o‘tkazishni talab qilgan. Ularning fikricha, prezident mamlakatda beqarorlik hamda zo‘ravonlik keltirib chiqarishda va muxolifat bilan yaqinlashishda aybdor hisoblanadi. Metaning o‘zi bu surishtiruvni tanqid qilgan, impichmentni esa qonunga zid deb atagan. 

52 yoshli Meta 2017 yilda Albaniya prezidenti etib saylangandi. Uning nomzodini parlamentning 140 deputatidan 87 nafari qo‘llab-quvvatlagan.  

Albaniyada prezident asosan rasmiy marosimlarda qatnashadi, ammo sud va harbiy sohada ba'zi vakolatlarga ega. 

Mavzuga oid