O‘zbekiston | 08:49
3084
2 daqiqa o‘qiladi

Albaniya prezidenti rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Albaniya prezidenti Bayram Begay rafiqasi bilan rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi. Tashrif doirasida ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilinishi rejalashtirilgan.

Oliy martabali mehmonni Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

Tashrif dasturiga muvofiq, Toshkent shahrida O‘zbekiston va Albaniya yetakchilari ishtirokida oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tadi. Unda ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqiladi.

Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, «yashil» energetika va turizm yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qilishi kutilmoqda.

Shuningdek, madaniy-humanitar almashinuvlarni faollashtirish, ta’lim va madaniyat sohalaridagi hamkorlikni chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Muzokaralar chog‘ida xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va ko‘p tomonlama platformalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash yuzasidan ham fikr almashiladi.

Tashrif doirasida Albaniya prezidenti Bayram Begay V Toshkent xalqaro investitsiya forumi tadbirlarida ham ishtirok etadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid