«Tolibon» harakati matbuot kotibi Zabiulloh Mujohid AQShning mashhur Foreign Policy jurnaliga intervyu berdi.

— Hozirgacha bo‘lgan davrdagi tinchlik jarayonini qanday baholaysiz? Nega toliblar doimiy ravishda sulhga rozi bo‘lishdan bosh tortishadi?

— Biz tinchlikka sodiqmiz va shu sababli Doha shahrida ishlayapmiz, ammo afsuski qarshi tomon vaqtni sabotaj qilmoqda va o‘ldirmoqda. Doha shartnomasi imzolangandan keyin, 15 kun ichida har ikki tomon barcha mahbuslar ozod qilinishiga va tomonlar o‘rtasida muzokaralar boshlanishiga kelishib olgan edi. Bu jarayon Afg‘oniston hukumati tomonidan olti oyga cho‘zilib ketdi va shu vaqt ichida ular majburiyatlarining birortasini bajarmadi. Kobul ma'muriyati vaqtni o‘ldirishga harakat qildi, chunki o‘sha paytdagi AQSh prezidenti Donald Trampning saylovda mag‘lubiyatga uchrash ehtimoli va undan keyin boshqa shaxs kelsa, Afg‘onistonga nisbatan munosabatini o‘zgartirishi mumkin edi.

Qarama-qarshi tomon tinchlik jarayoni va muzokaralariga sodiq ekanliklarini, urush o‘rniga tinchlik bilan ko‘p narsalarga erishishiga ishonganini ko‘rib, sulh to‘g‘risida o‘ylashimiz mumkin. Ammo ikki tomonning bir-biriga bo‘lgan ishonchi nolga yaqin. Chet el harbiylari 1 mayga qadar Afg‘onistonni tark etishi kerak edi, ammo ular hanuz mamlakatda. Afg‘on xalqi o‘rtasidagi muzokaralar 2020 yil 29 fevralda imzolangan Doha shartnomasidan 15 kun o‘tgach boshlanishi kerak edi, bu sodir bo‘lmadi. Urushning alternativa bo‘lishi mumkinligiga ishonch yo‘q.

— Bu degani, siz 11 sentyabrda urushni to‘xtatasizmi?

— Ikkita asosiy maqsadimiz bor. Birinchisi, barcha xorijiy qo‘shinlar Afg‘onistonni tark etishi kerak. Ikkinchisi, bu juda muhim, biz barcha afg‘onlarni o‘z ichiga olgan islomiy hukumat tuzishimiz kerak. Shunday qilib, agar chet el kuchlari ketadigan bo‘lsa, unda bizning ikkinchi maqsadimiz o‘z o‘rnida qoladi va biz bunga erishishni xohlaymiz. Biz ushbu maqsadga suhbatlashish va muzokara olib borish orqali erishilishini istaymiz. Agar ushbu ikkinchi maqsadga erishilmasa, biz o‘z maqsadimizga erishish uchun urushni davom ettirishga majbur bo‘lamiz.

— Afg‘onistondagi tinchlikni qanday tasavvur qilasiz?

— Tinchlik haqida gapiradigan bo‘lsak, Doha kelishuviga rioya qilish kerak. Biz bilan shartnomani muhokama qilgan chet elliklar o‘zlarining kelishuvdagi javobgarligini zimmasiga olishlari shart. Ular Afg‘onistonni tark etib, bizning rahbarlarimiz ismlari yozilgan qora ro‘yxatlarini yo‘q qilishlari lozim. Biz o‘zaro kelishmovchiliklar bo‘lgan barcha masalalarni stolda o‘tirib muhokama qilishimiz kerak. Natijada biz tinchlikka, sulhga erishamiz va urush Afg‘onistonda tugaydi. Bu yechim, biz bunga sodiqmiz va boshqa tomonlarning Doha hujjati va kelishuviga jiddiy munosabatda bo‘lishini istaymiz va boshqa yechim yoki yo‘l so‘ramaymiz. Mamlakat uchun kelajakdagi siyosiy tizim haqidagi hamma narsani muzokaralar hal qiladi. Qanday qaror bo‘lmasin: hukumat tarkibida kim bo‘lishi, qanday tizim qabul qilinishi, barcha afg‘onlarning mamlakatni boshqarishda qanday ishtirok etishi – bularning barini muzokaralar jarayoni hal qiladi.