Jahon | 21:25 / 13.06.2021
8564
2 daqiqa o‘qiladi

Yerevan Bokuga minalashtirilgan maydonlar xaritasining kichik qismini berdi - Pashinyan

Armaniston Ozarboyjonga 15 arman asiri ozod qilinishi evaziga Boku nazoratiga qaytgan tumanlardagi minalashtirilgan maydonlar xaritasining kichik qismini berdi. Armaniston hukumati rahbari Nikol Pashinyan muxolifat tomonidan minalashtirilgan maydonlar xaritasining berilishi tanqid qilinishiga javoban shu haqda ma'lum qildi.  

Foto: Anadolu Agency

«Ba'zi muxolif doiralar Ozarboyjonga minalashtirilgan maydonlar xaritasi berilgani, uning evaziga barcha asirlarni qaytarish mumkinligi haqida gapira boshlashdi. Qadrdonlarim, biz o‘zimizda bor bo‘lgan minalashtirilgan maydonlar xaritasining kichik qisminigina berdik», deb aytgan Pashinyan va Yerevan keyingi muhokamalarga tayyorligini qo‘shimcha qilgan.

12 iyunda Ozarboyjon tashqi ishlar vazirligi va Armaniston hukumati rahbari Nikol Pashinyan almashuv haqida e'lon qildi. Pashinyan ozod qilingan arman harbiylari yo‘lda ekani va ular kelishlari bilanoq «batafsil bayonot» berishini aytgan.  

Ozarboyjon hukumati hisob-kitoblariga ko‘ra, Qorabog‘ atrofidagi minalashtirilgan hududlarda yetti oy mobaynida minalar portlashi tufayli 7 harbiy hamda tinch aholiga mansub bo‘lgan 20 kishi halok bo‘lgan, yana 100ga yaqin kishi jarohatlangan.

So‘nggi qurbonlar 4 iyun kuni Tog‘li Qorabog‘ shimolida tankka qarshi minaga tushib qolgan yuk mashinasidagi ikki ozarboyjonlik jurnalist va bir amaldor bo‘lgandi.

Mavzuga oid