O‘zbekiston | 19:59 / 15.06.2021
13256
3 daqiqa o‘qiladi

«Xotin-qizlarni o‘qitish – yorqin kelajak kaliti» - Saida Mirziyoyeva

Markaziy Osiyoning beshta davlati va Afg‘onistonda faoliyat yurituvchi yuzdan ortiq rahbar va tadbirkor ayollar 15 iyun kuni xalqaro onlayn biznes-forumga yig‘ildi.

Anjumanda xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish, olti mamlakatdagi tadbirkor ayollarning o‘zaro hamkorligini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Forum markazi Toshkentda, Xalqaro Vestminster universitetida tashkil etildi. Unda, xususan, Respublika Gender komissiyasi a'zosi Saida Mirziyova ham so‘zga chiqdi.

«Hurmatli hotin-qizlar, ciz o‘z misolingizda qanday qilib mahorat orqali muvaffaqiyatga erishishni isbotlay olgansiz. Hayotni yaxshi tomonga o‘zgartiryapsiz, yorqin kelajak haqida o‘ylaysiz. Eng muhimi, mamlakat taraqqiyoti uchun mas'ulman, deb hisoblaysiz. Hayot yo‘lidagi to‘siqlardan cho‘chimaysiz. Haqiqiy ayollar aynan shunday bo‘lishi kerak. Biz hammamiz bir kuch ekanligimizni anglaymiz.

Bizning maqsadimiz bitta: odamlar baxtli va farovon yashasin. Bugungi uchrashuvimizda ko‘plab muhim masalalar muhokama qilinadi. Bular – xotin-qizlarni iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, savdo-sotiqni quvvatlash, ijtimoiy himoya, bolalar ta'lim-tarbiyasi kabi mavzulardir.

Bu yerga yig‘ilganimizdan eng katta maqsad – o‘zaro tajriba almashish, yangi bilimlarni o‘zlashtirish va bir-birimizga yordam berishdir.

Ikki qizning otasi, to‘rt nevaraning bobosi bo‘lgan prezident Shavkat Mirziyoyev jamiyatda xotin-qizlarni qiynayotgan muammolardan yaxshi xabardor va shunga monand ularni qo‘llab-quvvatlamoqda. Davlat rahbari lavozimiga kirishganidayoq jamiyatda gender tenglikni ta'minlashni asosiy maqsadga qo‘ydi. Bugungi kunda juda muhim masalalar, jumladan, ayollarning teng mehnat munosabatlarini ta'minlash, ta'lim olish huquqini kafolatlash ko‘rib chiqilmoqda. Umuman olganda, xotin-qizlar ta'limi – yorqin kelajak kalitidir.

Xotin-qizlarning ishtirokisiz biror soha rivojlanganini kuzatmadim. O‘z sohasining yetakchi ayollari farzandlarining farovon yashashi va ularning huquqlarini himoya qilishda muhim asos yarata olishadi. Bolalar huquqlari ta'minlangan joyda esa kelajakka umid bor. Biz teng huquq va imkoniyatlar uchun kurashishga tayyormiz. Eng muhimi, ortga yo‘l yo‘q. Bizning ortimizda farzandlarimiz, butun mamlakat, butun insoniyat turibdi», – dedi Saida Mirziyoyeva.

Tadbirda ushbu forum Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti doirasida o‘tkazilayotgan eng muhim tadbir deya ta'kidlandi.

Forum ishtirokchilari Markaziy Osiyo ayollari o‘rtasida har tomonlama hamkorlik qilish bo‘yicha yo‘l xaritasini qabul qiladi. Loyiha hujjatlari qatnashayotgan mamlakat rahbarlari bilan kelishilgan va forumda aytilgan takliflarni inobatga olgan holda qabul qilinadi.

Mavzuga oid