Ma'naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti ko‘chalarda va tashkilotlar peshtoqida xorijiy tilda yozilgan e'lon va peshlavhalarni davlat tilidagisiga o‘zgartirish, bu boradagi ishlar o‘z vaqtida yuritilayotgani haqida ko‘p gapiradi. Ammo har qanday qonun yoki qaror ijrosi joylarda, jamiyatdagi holatlarda bilinadi. Ko‘ryapmizki, bu boradagi ishlar sezilarli emas, o‘lda-jo‘lda. Ko‘chalar mantiqsiz va sharmandali tarzda xorijiy, jumladan, rus tilidagi e'lon, peshlavhalarga to‘la.

Biz tashkilot mudiri Abdug‘affor Qirg‘izboyev bilan intervyu uyushtirdik va holat yuzasidan izoh so‘radik.

— Abdug‘affor aka, siz suhbatlarda departament bu bo‘yicha qattiq ishlayotgani, o‘zbek tiliga o‘girilgan reklama e'loni va peshlavhalari bo‘yicha raqamlarni keltirasiz, lekin biz, jamoatchilik bu borada umuman o‘zgarish sezmayapmiz. Nima qilyapsizlar o‘zi?

— Savolingiz o‘rinli, aslida departament tashkil qilinishidan ko‘zlangan maqsad ham butun mamlakat hududida davlat tili mavqeyini ko‘tarish.

Siz ko‘chalardagi e'lon va peshlavhalarning o‘zbek tilida emasligi haqida gapiryapsiz. Rost, hozir ko‘chalarda ziyoli u yoqda tursin, oddiy odamning ham g‘ashini keltiradigan holatlar juda ko‘p.

Bir yarim yil davomida departament va uning joylardagi bo‘limlari tomonidan respublikadagi 30 mingga yaqin e'lon va peshlavhalar davlat tiliga o‘zgartirildi.

Biz bu bo‘yicha jami 35 mingta holatni o‘rgangan bo‘lsak, shularning 70 foizi xorijiy tillarda, yana 10 mingga yaqin e'lon va peshlavhalar esa davlat tilida ammo xato bilan yozilgan ekan.

Men hayronman, xususiy tadbirkor: birorta xorijiy tilni bilmaydi, lekin ochgan do‘koni tepasiga xorijiy tilda e'lon yopishtiradi.

Yana shunday holatlar bor, O‘zbekistonning biror chekka qishlog‘i, u yerda boshqa millatning o‘zi yo‘q, lekin do‘kon peshlavhasiga «My otkrylis» (biz ochildik) deb yozib qo‘yishmoqda. Bu nima sharmandalik?!

Bu kabi mantiqsizlik holatlari davlat idoralarida ham bor. Masalan, bir tumanga borganda rasmiy qarorlar chiqadigan hujjat blankasi ustida ham o‘zbekcha, ham ruscha yozuvlarni ko‘rdim.

Hokimga savol beryapman: «Rossiyaning biror tuman, shahrida qarorlar blankasi ustida ruscha-o‘zbekcha yozishadimi?» Viloyat va tuman rahbarlari bu masalaga jiddiy e'tibor qaratishi kerak.