11:29 / 18.06.2021
7791

Andijonda investitsiya loyihalari uchun 100 million dollar ajratamiz – Shavkat Mirziyoyev

Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatida 584ta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 60 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi, viloyatdagi loyihalarga 100 million dollar yo‘naltirilishini ma'lum qildi.

«Viloyatda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, joriy yilda 10 mingta yangi tadbirkorlik sub'yektini tashkil etish (o‘tgan yili – 7,7 mingta) va shu orqali kamida 30 mingta yangi ish o‘rni yaratish nazarda tutilsin.

Bundan tashqari, har bir tadbirkor o‘z yonida kamida ikki kishini band qilishini tashkil etishi lozim. Xuddi shunday, aholi soniga nisbatan xizmat ko‘rsatish obektlari kam bo‘lgan hududlarda yangi xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini tashkil etish, Andijon va Xonobod shaharlarining turizm salohiyatini oshirishga alohida e'tibor qaratish zarur.

Biz joriy yilda viloyatda o‘rta va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash hamda investitsiya loyihalarni moliyalashtirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan qo‘shimcha ravishda 100 million dollar ajratamiz.

Joriy yilda jamoat ishlari, kooperativ va tomorqa xo‘jaligida 64 ming nafar ishsiz aholining bandligini ta'minlash kerak. Bunga Bandlikka ko‘maklashish va Jamoat ishlari jamg‘armalaridan 54 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Takroriy ekin, chorvachilik, parrandachilik, pillachilik, issiqxona yo‘nalishlarida kamida 400 mingga yaqin aholi bandligini ta'minlash lozim.

Viloyatda 2021-2022 yillarda umumiy qiymati 19,8 trillion so‘m (yoki 1,8 milliard dollar) bo‘lgan, 584ta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 60 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Sanoatda – 13,8 trillion so‘mlik 298ta, xizmat ko‘rsatish sohasida – 4,4 trillion so‘mlik 161ta, qishloq xo‘jaligida – 1,5 trillion so‘mlik 125ta loyiha ishga tushiriladi. Bunda ayniqsa, yuqori salohiyatga ega bo‘lgan to‘qimachilik, qurilish materiallari, elektrotexnika, charm-poyabzal, oziq-ovqat, farmatsevtika va mahalliy sanoat – drayver sohalarga aylanishi kerak.

Jumladan, to‘qimachilikda 2021-2022 yillarda 560 million dollarlik 114ta loyiha amalga oshiriladi. Ushbu loyihalar hisobidan ip-kalavani qayta ishlash darajasi 57 foizdan 85 foizga yetkaziladi. Qurilish materiallari sanoatida 343 million dollarlik 52ta loyiha amalga oshiriladi», – dedi davlat rahbari o‘z nutqida.

Top