O‘zbekiston | 17:40 / 19.06.2021
28921
3 daqiqa o‘qiladi

Instagram'dagi “o‘yinlar”. Give-away – kimga foyda, kimga zarar?

Ijtimoiy tarmoqlarning ommalashishi bilan, qisqa vaqtda mo‘maygina pul topishning yangi usullari paydo bo‘la boshladi. Shunday usullardan biri – give-away. Ko‘plab holatlarda g‘irromlikka aylanib ketayotgan Instagram'dagi “lotereyalar” – SUBYEKTIV'ning navbatdagi mavzusi.

Ijtimoiy tarmoqlarda faol odamlar orasida give-away haqida eshitmaganlar bo‘lmasa kerak.

Give-away bu – sodda qilib aytganda, yulduz yoki bloger o‘zining Instagram sahifasida o‘tkazadigan tanlov.

Tanlov tashkilotchisi Instagram sahifasining obunachisini ko‘paytirishni istagan shaxslar va kompaniyalarga taklif bilan chiqib, ulardan ma'lum miqdorda pul oladi.

Yig‘ilgan puldan bir qismiga sovg‘alar olinadi, yana bir qismi esa ko‘p obunachiga ega yulduzga beriladi – tanlovni reklama qilib bergani uchun. Reklamani ko‘rgan odamlar sovg‘ani yutib olish uchun tanlov homiylarining sahifalariga obuna bo‘ladi.

G‘olib tasodifiy yo‘l bilan tanlanishi aytiladi.

Bir necha yil avval Instagram'da beozor tanlov ko‘rinishida boshlangan bu “givlar” bugun “toza” biznesga aylanib ulgurdi.

Ko‘plab holatlarda va'da qilingan mashina yoki boshqa yutuqlar g‘oliblarga berilmayapti. Tashkilotchilar o‘zlariga tegishli bo‘lmagan moddiy boyliklarni sovg‘a sifatida qo‘yishyapti. Hatto ayrim tanlovlarning reklamalarida haqiqiy iPhone'lar emas, shunchaki ularning qutilari ko‘rsatilyapti xolos.

Give-away dastlab g‘arb mamlakatlarida boshlangan vaqtda ularda kichik-kichik sovg‘alar bo‘lardi. Hozir esa iPhone, mashina va hatto uy ham bosh sovringa qo‘yilyapti. Qiziq, yulduzlarimiz shunchalik saxiy bo‘lib ketyaptimi yoki bu yerda boshqa gap bormi?

Kun.uz homiyligidagi SUBYEKTIV loyihasining navbatdagi soni shu haqda.

SUBYEKTIV'chilar mavzuni har tomonlama ochib berish uchun taniqli SMM-menejyer Umid Gafurov, give-away tashkilotchilari – Farrux Nosirov va Doniyor Qayumov, bloger-vaynerlar – Timur Alixonov, Ulug‘bek Shodibekov va Farhod Mannopov bilan suhbatlashdi.

Mavzu yuzasidan fikr-mulohazalaringizni izohlarda kutib qolamiz.

Loyiha muallifi –
Jamshidxon Ziyoxonov.

Tasvirchilar –
Muhammadjon G‘aniyev,
Otaxon Yusupov.

Mavzuga oid