12:23 / 19.06.2021
5070

 O‘zbekistonda 5 oyda 37 trln so‘mlik qurilish ishlari bajarildi

Yanvar–may oylarida respublikada davlat mulkchiligidagi tashkilotlar tomonidan 1,5 trln so‘mlik, nodavlat mulkchilikdagi tashkilotlar tomonidan 35,8 trln so‘mlik qurilish ishlari bajarildi.

Davlat statistika qo‘mitasi xabar berishicha, 2021 yilning yanvar–may oylarida O‘zbekistonda 37,3 trln so‘mlik qurilish ishlari bajarildi va sohada 2020 yil shu davriga nisbatan 0,9 foiz o‘sish kuzatildi.

Xususan, o‘tgan 5 oy davomida respublikada 25,3 trln so‘mlik bino va inshootlar, 7 trln so‘mlik fuqarolik obektlari qurildi, 4,8 trln so‘mga ixtisoslashtirilgan qurilish ishlari amalga oshirildi.

Davlat mulkchiligidagi tashkilotlar tomonidan jami 1,5 trln so‘mlik (umumiy hisobda 4 foiz), nodavlat mulkchilikdagi tashkilotlar tomonidan esa 35,8 trln so‘mlik (96 foiz) qurilish ishlari bajarildi.

Manbaga ko‘ra, qurilish ishlari katta qismi yangi bino va inshootlar hissasiga to‘g‘ri keldi. Jumladan, jami 67 foiz yoki 30 trln so‘mlik qurilish ishlari iqtisodiyotda yangi ishlab chiqarish quvvatlari, turar joy va boshqa ijtimoiy obektlarni barpo etishga yo‘naltirildi.

Iyun avvalida mamlakatdagi qurilish korxona va tashkilotlari soni 43,3 mingtaga yetdi va o‘tgan yil shu davridan 5 mingtaga ko‘paydi. Bunda eng ko‘p ko‘rsatkich Toshkent shahrida qayd etilib, hududda 8 ming 473ta qurilish korxona va tashkilotlari mavjudligi aniqlandi. 2020 yilda esa poytaxtda ular soni 7 ming 60ta bo‘lgan. Keyingi o‘rinlarda Toshkent (3 ming 761ta), Farg‘ona (3 ming 428 ta), Qashqadaryo (3 ming 413ta) viloyatlari keltirilgan.

«Qurilish ishlari hajmi yirik qurilish tashkilotlari, kichik korxona va mikrofirmalar hamda norasmiy sektorlarda amalga oshirilgan ishlar tarkibi bo‘yicha shakllanadi», deyiladi ma'lumotda.

Qayd etilishicha, umumiy bajarilgan qurilish ishlarining 23,1 foizi yirik qurilish tashkilotlariga, 60,2 foizi kichik korxona va mikrofirmalar, 16,7 foizi norasmiy sektor hissasiga to‘g‘ri keladi.

Top