O‘zbekiston | 14:23 / 23.06.2021
1288
2 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda fermerdan yer olib berishni va'da qilgan shaxsga sud hukmi o‘qildi

Foto: KUN.UZ

Tuproqqal'a tumani yer resurslari va davlat kadastri bo‘limining sobiq boshlig‘i A.V. (ismi o‘zgartirilgan) sud tomonidan firibgarlik jinoyatini sodir etgan deb topildi.

U «D.B» MChJ ish yurituvchisi R.P.ga tumanning Hazorasp mahallasi hududida joylashgan «Yo.» fermer xo‘jaligi hisobidagi yerlardan baliqchilik ko‘li tashkil qilish uchun 29,1 gektar yer maydoni ajratib berishni va'da qilgan. 

Buning evaziga «Yo.» fermer xo‘jaligi rahbari B.X.ga 20 ming AQSh dollari berish kerakligini aytib, pulni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan ushlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Bog‘ot tuman sudida ko‘rilgan mazkur ishda sudlanuvchi, jabrlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatmalari eshitilib, jinoyat ishi hujjatlari va ishda mavjud bo‘lgan dalillar o‘rganib chiqildi.

Sudda ayblanuvchining muqaddam sudlanmaganligi, pushaymonligi, mahalla fuqarolar yig‘ini va Xorazm viloyati yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi kasaba uyushmasi tomonidan ijobiy tavsiflanganligi inobatga olindi.

A.V. Jinoyat Kodeksining 25, 168-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan aybli deb topildi. Shuningdek, 45-moddasini qo‘llab, 2 yil davlat organi yoki davlat ishtirokidagi tashkilotlarda mansabdor va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilindi. Shuningdek, davlat foydasiga BHMning 400 baravari miqdorida – 89 million 200 ming so‘m jarima to‘lash jazosi tayinlandi.

Mavzuga oid