O‘zbekiston | 10:48 / 25.06.2021
15089
3 daqiqa o‘qiladi

Deputat Akmal Saidov boshqa lavozimda ham ishlashi savol tug‘dirdi. Milliy markaz u maosh olmay ishlashini bildirdi

Rost24.uz sayti Akmal Saidovning bir vaqtning o‘zida ham deputat ham Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori sifatida ishlab kelayotganiga e'tibor qaratdi.

Ma'lumki, Akmal Saidov ayni vaqtda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, u ayni vaqtning o‘zida Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori ham hisoblanadi.

«O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a'zosining maqomi to‘g‘risida»gi Qonunning 6-moddasiga ko‘ra, deputat Qonunchilik palatasida doimiy asosda ishlashi lozim hamda o‘z vakolatlari davrida ilmiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishi mumkin emas.

Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktorligi esa prezident qaroriga ko‘ra haq to‘lanadigan lavozim hisoblanadi.

Markaz xodimlarining mehnatiga Yagona tarif setkasi bo‘yicha haq to‘lash razryadlariga ko‘ra markaz direktori 19-razryad bo‘yicha haq olishi kerak.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi to‘g‘risida nizomda Markaz direktori maqomi, tibbiy va transport ta'minoti sharoitlari bo‘yicha vazirga tenglashtirilishi belgilangan.

Mazkur holatda Qonunchilik palatasi deputatining o‘z vakolatlari davrida ilmiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishiga qo‘yilgan taqiq buzilgani ehtimoli bo‘yicha savol tug‘iladi.

Kun.uz ushbu holatga aniqlik kiritish maqsadida Milliy markazga murojaat qildi. Milliy markaz matbuot kotibi G‘ulom Mirzayev Akmal Saidov Milliy markazdan maosh olmasligini, shunga ko‘ra, yuqoridagi qonun talabi buzilmaganini bildirdi.

Ma'lumot uchun, Akmal Saidov 1996 yil oktyabr oyidan buyon Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori lavozimida ishlab kelmoqda. Shuningdek, u 5 marta Oliy Majlis deputatligiga saylangan bo‘lib, so‘nggi marta 2019 yil 22 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan saylov natijasida Qashqadaryo viloyatidan Qonunchilik palatasi deputatligiga saylangan.

Mavzuga oid