O‘zbekiston | 08:11 / 25.06.2021
4168
5 daqiqa o‘qiladi

Tashkilotlarda AKT rivojlanishi samaradorligini baholash joriy qilinadi

Foto: Getty Images

Vazirlar Mahkamasi tomonidan «Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatning rivojlanish holatini reyting baholash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror qabul qilindi.

Quyidagilar tasdiqlandi:

  • Davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda hududlarning raqamli transformatsiya holatini reyting baholash tartibi;
  • Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni rivojlantirishni baholash, soha ko‘rsatkichlari hisobini yuritishni samarali tashkil etish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»;
  • Davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining rasmiy veb-saytiga qo‘yiladigan asosiy talablar.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi:

  • raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni rivojlantirish sohasida vakolatli organ hisoblanadi;
  • raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni rivojlantirish doirasida davlat organlari va tashkilotlarning axborot tizimlari, resurslari va boshqa dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha loyihalari va texnik hujjatlarini, shuningdek NHH loyihalarini majburiy ekspertizadan o‘tkazadi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tashkilotlar va hududlarda raqamli transformatsiya holatini reyting baholash natijalarini umumlashtiradi, shuningdek baholash faoliyatida ishtirok etadigan davlat organlarining umumiy boshqaruvini amalga oshiradi va muvofiqlashtiradi.

Belgilanishicha, raqamli transformatsiya holatini reyting baholash har uch oy yakunlari bo‘yicha amalga oshiriladi va uning natijalari «Raqamli O‘zbekiston-2030» strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi komissiya yig‘ilishlarida tanqidiy muhokama qilinadi.

Qabul qilingan nizomga muvofiq, reyting baholash reyting ko‘rsatkichlari va indikatorlari yordamida raqamli rivojlanish holatini baholash orqali tashkilotlar hamda hududlarni eng yuqori natijadan eng past natijagacha saralangan ro‘yxatdan o‘rnini belgilashdan iborat.

Ma'lumot uchun, NIS.UZ axborot tizimi – tashkilotlar va hududlarning raqamli transformatsiya holatini reyting baholash jarayonlarini avtomatlashtirish uchun qo‘llaniladigan idoralararo axborot tizimi.

NIS.UZ axborot tizimining egasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hisoblanadi, u tizimning sifatli va uzluksiz faoliyat ko‘rsatishini ta'minlaydi. NIS.UZ tizimini yanada rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlashni moliyalashtirish Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasining mablag‘lari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

AKTlarni joriy etish va rivojlantirish samaradorligi darajasi aniqlangan ko‘rsatkichlarning miqdoriga qarab, 0 balldan 100 ballgacha reytingda baholanib, «qizil», «sariq» va «yashil» toifalarga ajratiladi.

Reyting baholash yakunlari bo‘yicha AKTlarni joriy etish va rivojlantirish samaradorligi darajasi «yashil» deb topilgan tashkilotlarning ijobiy ish tajribasini boshqa tashkilotlar o‘rtasida ommalashtirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ko‘riladi.

Tashkilotlar har hisobot davri yakunlangandan keyingi oyning 15-sanasiga qadar IS NIS.UZ axborot tizimiga ishonchli ma'lumotlar o‘z vaqtida kiritilishini ta'minlaydilar.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi baholashda ishtirok etadigan mas'ul davlat organlari bilan birgalikda har bir hisobot davri yakunidan keyingi oyning 25-sanasiga qadar NIS.UZ axborot tizimiga kiritilgan ma'lumotlar asosida baholash o‘tkazadi hamda ushbu oyning 30-sanasiga qadar baholash natijalari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi.

«O‘zkomnazorat» davlat inspeksiyasi NIS.UZ axborot tizimiga tashkilotlar tomonidan kiritilgan ma'lumotlarning to‘g‘riligi va to‘liqligiga muvofiqligi yuzasidan o‘rganishlar va tekshirishlar olib boradi.

Tashkilotlar tomonidan noto‘g‘ri yoki buzib ko‘rsatilgan ma'lumotlarning «NIS.UZ» axborot tizimiga kiritilganligi, ularning o‘z vaqtida kiritilmaganlik holatlari aniqlanganda, tegishli rahbarlarga nisbatan intizomiy choralar qo‘llaniladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid