Jamiyat | 19:59 / 26.06.2021
6048
4 daqiqa o‘qiladi

«Men suyib gul uzsam emasman jallod»: Samarqandning xosiyatli shoirasi ikki satri bilan uyushma a'zosi bo‘lgandi

Derlar shirin so‘zning gadolari ko‘p,
Yonib turgan ko‘zning adolari ko‘p.
Yurtlar bor, hattoki xudolari ko‘p,
Vatan yagonadir, Vatan bittadir!

Ushbu misralar nafaqat samarqandliklarning, balki adbiyot va san'atga ixlosmand barcha yurtdoshlarimizning allaqachon qalbidan joy olib ulgurgan. She'r muvaffaqiyatli qo‘shiqqa aylanganiga ham bir necha o‘n yillar bo‘ldi.

Samarqandning katta shoirasi Xosiyat Bobomurodovaning qutlug‘ 70 yoshi viloyat bo‘ylab keng miqyosda nishonlanmoqda. Yubeliy munosabati bilan viloyatda «Nomingdan aylanay, O‘zbekistonim» deb nomlangan ijodiy kecha o‘tkazildi. Tadbirda  O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Nodir Jonuzoq shoirani tabriklab, uyushma raisining tabrigini o‘qib eshittirdi.

Kechada Mamatqul Hazratqulov, Abdusaid Ko‘chimov, Farmon Toshev, Sobir O‘nar, Salim Ashur, Sharifa Salimova, Shahodat Isaxonova, Munavvara Usmonova, Toshpo‘lat Tugalov kabi taniqli adib va shoirlar hamda viloyat jamoatchiligi ishtirok etdi.

Aytish mumkinki, Xosiyat Bobomurodova so‘zining salmog‘i, barakali ijod mahsuli bilan respublikamizning barcha viloyatlarida o‘quvchisini topgan, shogirdlar tayyorlagan.

U Toshkent davlat pedagogika universitetini bitirgach, dastlab Xatirchi tumanidagi 14-umumta'lim maktabida ishlagan. Keyinchalik, «Zarafshon», «Do‘stlik bayrog‘i» kabi gazetalarda muxbir, Samarqand va Navoiy viloyatlarida Yozuvchilar uyushmasining rahbari sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Xalq ta'limi a'lochisi, «Shuhrat» medali, «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlangan.

Shu kunga qadar o‘ttizdan ortiq she'riy to‘plamlari, publitsistik asarlari, drama va dostonlari nashr etilgan. Asarlari tojik, rus, ingliz va xitoy tillariga tarjima qilingan.

Shu o‘rinda bir gap. Ko‘p yillar oldin Samarqandda Yozuvchilar uyushmasining ko‘chma yig‘ilishi o‘tkaziladi. Shu vaqtlarda uyushma a'zosi bo‘lish uchun kamida ikkita to‘plam nashr qilinishi jiddiy talab etilgan. Xosiyat Bobomurodova ham ariza topshirgan. O‘sha tadbirda qatnashgan shoir, O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov so‘z olib: «Men suyib gul uzsam emasman jallod, Men uzmagan gullar qilsinlar faryod», – degan ikki satr she'ri uchun Xosiyat Bobomurodovani uyushma a'zoligiga qabul qilishlaringizni so‘rayman», deb taklif kiritgan va lutf qilgan.

Xosiyat Bobomurodovaning safdoshlari, uning ijodi haqida so‘z olgan qalam ahli shu kabi voqealarni xotirlar ekan, shoiraning sohada yaratgan maktabini e'tirof etishdi.

Darvoqe, yaqinda Xosiyat Bobomurodovaning ikki tomlik saylanmasi chop etildi va adabiy kechada o‘quvchilar qo‘liga yetib bordi.

Isomiddin PO‘LATOV, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi: Jahongir ALIBOYeV.

Mavzuga oid