Viloyat rahbarlari bilan intervyular tashkil etib kelayotgan Kun.uz'ning navbatdagi suhbatdoshi – Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov.

Suhbatimiz Samarqanddagi qurilishlar, jamoat transporti, korrupsiya, majlislar, ilk marta viloyat hokimi lavozimiga tayinlanishi va futbol kabi mavzularda kechdi.

– Samarqandda qurilish va obodonlashtirish ishlari, ijtimoiy masalalardagi muammolar qanchalik yechim topyapti? Bundan sizning ko‘nglingiz to‘lyaptimi?

– Mamlakatda ko‘zga ko‘rinadigan, e'tiborga molik o‘zgarishlar bo‘lyapti. Har qanday masshtabdan qarasak ham buni ilg‘ab olish qiyin emas. Shu jumladan Samarqand viloyatida ham. Lekin bu degani hammasi zo‘r ketyapti, muammolar yo‘q degan fikrdan yiroqman. Muammolar bo‘ladi va bu tabiiy narsa. Har qanday o‘sish jarayonida adashishlar, kamchiliklar bo‘ladi.

Endi viloyatda amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalsam, Samarqand shahrida 100 ming kishilik Qorasuv massivini bunyod etyapmiz. Hozirda 6,5 ming xonadon qurib foydalanishga topshirildi. Bu massivda nafaqat uy-joy, balki to‘liq infrastruktura yaratilmoqda. Shaharcha yaqin 4 yil ichida to‘liq qurib bo‘linadi.

Bundan tashqari, Samarqandda yana ikkita massiv qurilishi rejalashtirilgan. Biri aeroport yaqinida, u yerda 95 ming kishilik shaharcha quriladi. Ikkinchisi xalq tilida “za liniya” deydi, ya'ni temir yo‘l ortida bunyod etiladi.

Bu ishlarni bajaruvchi qurilish tashkilotlari, loyiha institutlari talabga javob beradimi, degan savol tug‘iladi. Ko‘pchilik sohada bo‘lgani kabi bu yerda ham muammolar bor, yangi loyiha institutlari, o‘qitish tartibi – hammasini kompleks olib borishimiz kerak.

Yana bir muhim sohalardan biri – kommunal soha. Suv, gaz, elektr, yo‘l – to‘g‘ridan to‘g‘ri odamlar kayfiyatiga ta'sir etadi. Samarqand shahrida ham, tumanlarda ham oldimizda katta-katta muammolarimiz turibdi.

Samarqand – turistlarni hamisha o‘ziga jalb etib turadigan shahar. Qadimiy shaharga kelgan xoh ichki, xoh tashqi turist bo‘lsin, bir necha soat aylanganidan keyin qayerga boradi – mehmonxonaga. Turistlar kechki vaqtlarda ko‘ngil yozib dam olishi uchun qulay infratuzilma, dam olish, ko‘ngilochar joylar ham tashkil etilishi kerak. Shu sababli Samarqandda turistik markaz barpo etilyapti. Maqsadimiz – kelgan turistlarni shaharda iloji boricha ko‘proq ushlab qolish.