Prezident farmoni bilan viloyat va tuman hokimlarining yer toifasini o‘zgartirish bo‘yicha qarorlari bekor qilindi. Sug‘orilmaydigan yerni boshqa toifaga o‘zgartirish bo‘yicha vakolatlar Vazirlar Mahkamasiga, sug‘oriladigan yerlarni boshqa toifaga o‘zgartirish vakolati esa prezidentga o‘tkazildi.

– O‘tgan yili Andijon va Farg‘ona viloyatlarida ko‘pgina yerlar jinoiy sxemalar orqali noqonuniy ravishda ajratib kelingani ko‘p bor yoritildi. Yangi tartib bilan mana shu kabi jinoiy sxemalarga va yerlarni noqonuniy yo‘llar bilan  o‘zlashtirishga batamom chek qo‘yiladimi?

Eldor A'zamov, Bosh prokuraturaning Agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirishga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi prokurori:

– Farmon qabul qilinishida bosh prokuratura, Adliya vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va sohaga oid boshqa tashkilotlar bevosita ishtirok etishdi. Aynan sohada yuzaga kelayotgan muammolar, bo‘shliqlarni to‘ldirish maqsadida farmon ishlab chiqildi.

Mahalliy hokimliklarning yer ajratish yoki bekor qilishdagi vakolatlari, qaror chiqarish huquqlari to‘liq bekor qilinyapti.

Yer ajratishning aniq mexanizmi joriy etilib, unda inson omilini kamaytirish choralari ko‘rilyapti. Shu sabab talabgorlar ochiq tanlov asosida ishtirok etishlari mumkin. Faqatgina tanlov natijasi viloyat hokimi qarori bilan tasdiqlanadi.

Viloyat va tuman hokimlarining yer toifasini o‘zgartirish bo‘yicha qarorlari bekor bo‘lyapti. Endi hokimlar yerlarning toifasini o‘zgartira olmaydi. Sug‘orilmaydigan yerni boshqa toifaga o‘zgartirish bo‘yicha vakolatlar Vazirlar Mahkamasiga, sug‘oriladigan yerlarni boshqa toifaga o‘zgartirish vakolati esa prezidentga o‘tkazilyapti.

Eldor A'zamov

– Farmon chiqqanidan keyin yillar davomida shu tarzda yerlarning bir toifadan ikkinchi toifaga o‘zgartirilgani qayta o‘rganib ko‘riladimi?

– Bu yerda sug‘oriladigan yer toifasini lalmi yer yoki qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yerga o‘zgartirish holatlari amaliyotda uchrab kelgan. Natijada o‘sha yerlarda uy-joy qurilib, savdo do‘konlari, yonilg‘i quyish shoxobchalari barpo etilgan. Holbuki, prezident farmonida ham sug‘oriladigan yer boshqa maqsadlar uchun berilishi qat'iy taqiqlangan. Faqatgina prezident qarori bilan berilganlarigina bundan mustasno.