Kun.uz bilan suhbatda bo‘lgan ham bojxona, ham farmatsevtika sohasidan boxabar mutaxassis buni sotish bilan bog‘liq monopoliya yuzaga kelgani bilan bog‘lamoqda. Uning aytishicha, import dorilarning katta qismi faqat bir guruh yetkazib beruvchilar tomonidan chakana sotuvchilarga taqsimlanadi. Qolaversa, mamlakatda belgilangan referent narxlarining o‘zi arzon emasligi sabab ham odamlar dorilarni qimmat olishga majbur ekani aytilmoqda.

Joriy yil 1 iyuldan boshlab O‘zbekistonga olib kirilayotgan dori vositalarini ulgurji va chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga faqat import qiluvchi tashkilot yoki uning rasmiy dilerlari elektron hisobvaraq-faktura asosida sotishi mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, dorilarni markirovkadan o‘tkazish ham majburiy qilib belgilandi. Kun.uz bilan suhbatda bo‘lgan ham bojxona, ham farmatsevtika sohasidan xabardor mutaxassis Eldor A’zamov sotish bilan bog‘liq talablar hujjat imzolanishidan avval ham amalda bo‘lib kelganini aytmoqda. Tahririyat bu galgi suhbatdoshi orqali O‘zbekistonda dori vositalari nima sabab qimmat ekanini tushunishga urindi.

Ma’lumot uchun, Eldor A’zamov 2016 yilda Oliy harbiy bojxona institutini tamomlagan, bir muddat chegara bojxona postida ishlagan. Keyinroq esa Farmatsevtika institutida tahsil olgan. Hozirda dorixonada sotuvchi sifatida faoliyat yuritadi.

Chetda dori arzon, nega?

Suhbatdoshga ko‘ra, O‘zbekiston chegara bojxona postlarida boshqa mahsulot, tovarlar singari dori vositalarining olib kelinishi ham uning chetga chiqib ketishidan ko‘ra ko‘proq uchraydi. A’zamov bu holatni boshqa davlatlardagi dori narxlari arzon ekani bilan izohladi.

Masalan, O‘zbekistonga dorilar Yevropadan, Hindiston, Turkiya, Rossiya kabi bir qator davlatlardan kirib keladi. Lekin bizlardagi narx bilan qo‘shni Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmanistonni solishtirsangiz, narxlar baland. Misol uchun, Plavix degan tabletka 75 mg, 28 dona O‘zbekistonda o‘rtacha narxi 19 dollardan 23 dollargacha atrofida turadi. Qozog‘istonda 15 dollar atrofida, Tojikistonda 11-18 dollar atrofida, Rossiyada 9 dollar, Turkiyada bor-yo‘g‘i 7,5 dollar atrofida turadi. Bu – o‘rtacha taxminiy narx.