O‘zbekistonda yer ajratish tartibi takomillashtirilmoqda. Unga ko‘ra, hokimlarning fuqarolar va yuridik shaxslarga yer uchastkalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri ajratish va olib qo‘yish vakolati bekor qilinmoqda, bundan buyon barcha hududlarda yer maydonlari auksion orqali sotiladi. Shuningdek, davlat organlari endilikda qaysidir tashkilotga yer ajratilishi uchun imtiyoz berilishini so‘rab chiqa olmaydi.

Kun.uz kutilayotgan shu va boshqa o‘zgarishlar, umuman, yangi tartib joriy etilishiga olib kelgan sabablar haqida Bosh prokuratura mutasaddilaridan intervyu oldi.

– Prezidentning yer munosabatlarini tartibga solishga oid yangi farmoni qabul qilinishiga qanday ehtiyoj bor edi? Yangi tartibga ko‘ra, amalda nimalar o‘zgaradi va bu nima beradi?

Eldor A'zamov,
Bosh prokuraturaning Agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirishga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi prokurori:

– Yer sohasiga oid qonunchilik prokurorlarning kundalik ish yurituvidagi sohalardan hisoblanadi. Farmon qabul qilinishi o‘z-o‘zidan bo‘lgani yo‘q. Ma'lumki, yer munosabatlariga bosqichma-bosqich o‘tilyapti. 2019 yilda qabul qilingan 5742-sonli farmonda ayniqsa, sug‘oriladigan yerlarni muhofaza qilishga alohida e'tibor qaratildi. Ya'ni farmonning 5-bandida sug‘oriladigan yerlarni boshqa maqsadlar uchun ajratish faqat prezident qarori bilangina amalga oshirilishi belgilandi.

Eldor A'zamov

Yangi farmon qabul qilinishiga asos bo‘luvchi omillardan biri qishloq xo‘jalik yerlari o‘zlashtirilishi hisoblanadi. 2020 yil va joriy yilning o‘tgan 5 oyi mobaynida butun respublika miqyosida prokuratura va boshqa vazirliklar bilan o‘tkazilgan o‘rganishlar olib borildi. Natijada 7,1 ming gektardan ortiq qishloq xo‘jalik yerlari o‘zboshimchalik bilan egallangani aniqlandi. 8,7 ming gektar yerda noqonuniy qurilish qilingani fosh etilgan. Shuningdek, 5,3 ming gektar qishloq xo‘jalik yerlaridan maqsadsiz va samarasiz foydalanilgani aniqlanib, mazkur yerlar tuman hokimliklari zaxirasiga qaytarilgan.