Jahon | 15:40 / 28.06.2021
8479
5 daqiqa o‘qiladi

Sloveniya: Ikki asrdan beri shaharlashish jarayonidan himoya qilinayotgan park (foto)

Lyublyana – yashil shahar. UzbekLife uchun mazkur maqola orqali shaharning o‘ziga xosligi, xususan yashil tabiati haqida ma'lumot bermoqchiman.

Sloveniyaning poytaxti bo‘lgan ushbu shaharda deyarli barcha ko‘chalar chetida daraxtlar tizilib turadi, shahardagi aksariyat devorlar, binolar va uylarni ham manzarali o‘simliklar qoplaganini ko‘rish mumkin.

 Lyublyanadagi markaziy ko‘chalardan biri. Ko‘chaning ikki yonida daraxtlar bilan qoplangan piyodalar va velosipedlar yo‘laklari mavjud.
 Lyublyanadagi odatiy piyodalar va velosipedlarga mo‘ljallangan yo‘laklaridan biri
 Yana bir piyodalar va velosipedlar yo‘lagi
 Lyublyana, turar joy binolaridan biri

Shuningdek, insonlar tabiatdan bahra olishi uchun shahar markazida Tivoli park bunyod etilgan (1813 yil).

 Tivoli parki, asosiy kirish yo‘lagi

Parkning hududi 5 kilometr kvadratdan ortiqroq. Lyublyana kabi kichik shahar uchun (163,8 kilometr kvadrat) bu ancha katta park hisoblanadi. 1984 yilda ushbu parkni shaharlashishdan saqlash, undagi bioxilma-xillikni asrash maqsadida shahar hokimiyati uni «Alohida e'tibordagi tabiiy obekt» sifatida e'lon qiladi va shu tarzda hukumat himoyasiga olinadi. 2015 yilda esa shahar hokimiyati park, undagi bir qancha tabiiy qadriyatlar, hayvonlarni asrashga qaratilgan yangi tartib-qoidalarni tuzib chiqadi.

 Tivoli parkidagi maysazorlardan biri va undagi haykal

Parkda nimalar qilish mumkin?

Parkka kirish bepul bo‘lib, unda ko‘plab mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishingiz mumkin. Quyida ularning ayrimlariga to‘xtalib o‘tamiz.

1. Piknik. Parkda keng maysazorlar mavjud. U yerda oilangiz yoki do‘stlaringiz bilan piknik qilishingiz mumkin.

 Tivoli parkidagi maysazorlardan biri
 Yana bir maysazor

2. Dars qilish. Parkda maxsus partalar ham joylashtirilgan. Ko‘pincha talabalar kompyuterlarini olib kelib, shu partalarda dars qilib o‘tiradi. Maysazorlar ustida ham kitob o‘qib o‘tirgan yoshlarni tez-tez uchratish mumkin.

Tivoli parki, partalar o‘rnatilgan maxsus joylardan biri; suratda talabalar partada o‘tirib dars qilayotganini ko‘rishingiz mumkin

3. Piyoda sayr. Park piyoda sayr qilishga mo‘ljallangan yo‘laklar, shuningdek, o‘rmonzor hududga ega. Yo‘laklar yoki o‘rmonzor bo‘ylab sayr qilishingiz, daraxtlar, o‘simliklar, qushlar hamda hayvonlarni tomosha qilishingiz mumkin.

 Piyoda sayr yo‘laklari
 Parkning o‘rmon qismi, piyoda sayr yo‘lagi

4. Velosipedda uchish. Parkda velosipedda uchish uchun maxsus yo‘laklar qurilgan. Mazkur maxsus yo‘laklardan tashqari o‘rmon ichida ham velosipedda sayr qilib yurganlarni uchratishingiz mumkin. 

 Velosipedlar yo‘lagi
 Yana bir velosiped yo‘lagi

5. Bolalar maydonchasi. Parkda turli ko‘ngilochar sharoitlarga ega bolalar maydonchasi bor. Bolali oilalar farzandlarini maydonchaga olib kelishlari uchun sharoitlar yaratilgan.

 Parkdagi bolalar maydonchasi

6. Tamaddi qilish. Park ichida bir qancha tamaddixonalar ham bor. Istasangiz, tanishlaringiz bilan kelib tamaddi qilishingiz mumkin. Bundan tashqari park ichida bir nechta muzqaymoqxonalar ham mavjud.

7. Tennis o‘ynash. Park 12 ta tennis kortiga ega. Kortlarda maxsus murabbiylar tennisdan saboq ham beradi.

8. Shu bilan birga, parkda yugurish va boshqa erkin mashqlar bilan shug‘ullanish uchun tashrif buyuruvchilar ham ko‘p.

 Tivoli parki, yuguruvchilar

9. Bundan tashqari park hududida joylashgan bir qancha tarixiy binolar (Tivoli qasri – XVII asr, Sekin saroyi – XVII asr, Tivoli-holl –XX asr) haykallar, obektlarni ham tomosha qilsangiz bo‘ladi.

Tivoli qasri, old tarafdan ko‘rinishi
Tivoli qasri hovlisi, qasrdan tushirilgan surat

Biz Lyublyanada yashagan vaqtimiz uyimiz shundoqqina park yonida edi, parkkacha 7-8 daqiqalik yo‘l edi. Deyarli har hafta parkka aylangani chiqar, har safar turli yo‘llardan yurar va turli obektlarni ko‘rardik.

Parkdagi bahaybat, yo‘g‘on daraxtlarni ko‘rib Toshkentda ayovsiz chopib tashlanayotgan daraxtlar xayolimdan o‘tardi…

 Tivoli parki, piyodalar yo‘lagi yonidagi daraxtlar
Tivoli parki, o‘rmon qismidagi yo‘laklardan biri
Tivoli parki, o‘rmon qismidagi bahaybat daraxtlar

Maqsud Salomov,

UzbekLife kolumnisti

Mavzuga oid