O‘zbekiston | 12:51 / 01.07.2021
11030
9 daqiqa o‘qiladi

Korrupsiyaga qarshi komplayens nazorat qanday ishlaydi? - «O‘zbekneftgaz» departamenti rahbari bilan suhbat

O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashishda qo‘llanilayotgan usullardan biri – komplayens nazorat. Xo‘sh, bu usul qanchalik samarali? Davlat tashkilotlarida tashkil etilgan komplayens nazorat tuzilmalari qanday faoliyat yuritadi? Ular o‘z faoliyatida qanchalik mustaqil?

Ushbu savollarga «O‘zbekneftgaz» AJ Moliyaviy va komplayens nazorat departamenti misolida javob olishga harakat qildik. Savollarimizga departament rahbari Zohiddin Ivatov javob berdi.

– «O‘zbekneftgaz» AJ tizimida moliyaviy va komplayens nazorat departamenti qanday faoliyat yuritadi?

– Butun dunyoda korrupsiya global illat sifatida qaraladi va bu illatga qarshi kurashish uchun turli tadbirlar, islohotlar olib borilyapti. Shu jumladan, O‘zbekistonda ham. 2020 yilgacha «O‘zbekneftgaz» AJ tizimida alohida moliyaviy nazorat tizimi yoki shunga o‘xshash boshqa bo‘lim yo‘q edi. O‘tgan yili aprel oyida neft-gaz tizimini takomillashtirish bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi, shunga ko‘ra, tizimda komplayens nazorat, shuningdek, ichki nazoratni joriy etish belgilandi. Va jamiyat tizimida Moliyaviy va komplayens nazorat departamenti tashkil etildi.

Korrupsiya haqida gapirganda birinchi navbatda moliyaviy tomoni ko‘zga tashlanadi, chunki o‘z-o‘zidan korrupsiya bo‘lib qolmaydi, kimdir nimadir olib keladi, kamomad qiladi va shu tarzda illat ildiz otib boradi. Departamentning bunday nomlanishi bejiz bo‘lmadi, ikki yo‘nalishda bir xil nazorat olib borish maqsad qilindi.

– Departament tashkil etilganiga bir yil bo‘libdi. Bu, ta’bir joiz bo‘lsa, g‘alvirni suvdan ko‘tarish uchun yetarli muddat. Moliyaviy va komplayens nazorat bo‘yicha AJ tizimida qanday ishlar amalga oshirildi?

– Avvalo, komplayens nazorat haqida gapirsam, komplayensning lug‘aviy ma’nosi muvofiqlik degani. Korxona yoki jamiyat faoliyatida turli tartib-qoidalar barcha jabhalarda yaratilgani yoki mavjud emasligi, qanday amalga oshayotganini nazorat qiluvchi tarmoq desa bo‘ladi. BMT Taraqqiyot dasturi asosida KPMG xalqaro auditorlik tashkiloti ekspertlari bilan hamkorlikda komplayens tizimining dastlabki me’yoriy hujjatlari joriy etildi.

– Aloqa kanallarining ishlash reglamenti deganda nima tushuniladi?

– Jamiyat tizimida komplayens nazoratni olib borish maqsadida pochta va ijtimoiy tarmoqlar orqali aloqa kanallari ochib qo‘yganmiz. Bunda ishchi-xodim korrupsion holatga, talon-torojlikka yoki boshqa qonunbuzilishga duch kelsa, shu orqali murojaat yuborishi mumkin. Shaxsini oshkor etib yoki anonim tarzda bu ishlarni amalga oshira oladi. Kanallar orqali kelib tushgan murojaatlar o‘rganib chiqiladi va kerakli choralar ko‘riladi.

– «O‘zbekneftgaz» AJga ishga kirish tanish-bilishlikdan qanchalik darajada xoli, chunki ilgarilari bu tizimga hamma ham ishga joylasha olmasligi haqida turli mish-mishlar yurardi?

– To‘g‘ri, avvallari tanishi bo‘lmasa neft-gaz sohasiga ishga kirolmaslik holatlari bo‘lgan. Kelayotgan mutaxassisning salohiyati, bilimi kompaniya faoliyati uchun juda ham muhim. Bilim-salohiyati past xodimlar bir amallab ishga kirgani bilan ishni eplab ketishi, javobgarligi, uning ortidan rahbarlarning javobgarligi ham bor. Shuning uchun, «O‘zbekneftgaz» AJda bu narsaga jiddiy qaraladi. Balki, qaysidir joylarda o‘sha illat qolayotgan bo‘lishi mumkin, lekin ayta olamanki, bu bo‘yicha kurash olib boryapmiz.

Nafaqat tanish-bilish, pul bilan ishga kirish holatiga qarshi kurashyapmiz, lekin yuqorida aytganimdek, tizimda suiiste’molliklar yo‘q deya olmayman. Hamma jamoada ham har turli odam bo‘lgani singari, jamiyat tizimida ham biror noqonuniy ish qilmasa, korrupsiyaga aralashmasa, eskidan qolgan “hunar”ini qilmasa, tinch turolmaydigan odamlar ham bor.

– Xorijda yirik korporatsiyalarda xodimni ishga qabul qilishda korrupsiyaga qanchalik chidamli ekanini bilish uchun psixologik testlar olinadi, shunga o‘xshash tizim yo‘lga qo‘yilishi mumkinmi?

– «O‘zbekneftgaz»ga ishga qabul qilinayotgan xodimlarni testdan o‘tkazish amaliyoti bor, lekin ular orasidan siz aytgan kabi psixologik testlar o‘rin olmagan. Savollar asosan umumiy dunyoqarash bilan bog‘liq va shuni belgilashga qaratilgan. Sohada qaysi yo‘nalishda ishlashidan, xoh konchilik, georazvedka bo‘lsin, xoh yurist yoki oddiy ishchi bo‘lsin – bundan qat’i nazar umumiyroq mazmunda tuzilgan. Lekin siz yaxshi va o‘rinli taklif bildirdingiz, buni inobatga olamiz.

– Komplayens nazorati xodimlari o‘zlari qanchalik nazoratga muhtoj? Bir vaqtning o‘zida ular qanchalik mustaqil ham?

– Albatta, bu juda nozik savol. Departamentda nafaqat nazorat bilan ishlaydigan xodimlar, balki mablag‘ sarfi, bevosita pulga bog‘liq mas’ul lavozimlarda ishlaydigan xodimlarimiz ko‘p. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha oldimizga katta-katta reytinglarda yuqori o‘rinlarni olish vazifasini qo‘yganmiz. Buning uchun esa xodimlar halol ishlaydigan insonlar bo‘lishi kerak.

Ma’lumki, xodimning ish sharoiti, oylik-maoshini yaxshi qilmasak yaxshi natijaga erishib bo‘lmaydi, xususan korrupsiyaga qarshi kurashish masalasida ham. Odatda korrupsiyani yengish uchun turli omillar sanab o‘tiladi, shular ichida, avvalo, moddiy ta’minot masalasi hal bo‘lmas ekan, muammo o‘zgarmay turaveradi. Shu ma’noda, xodimlarning moddiy ta’minotiga jiddiy e’tibor qaratib kelinmoqda. Endi, shundan keyin ham, agar u mansabini yoki vazifasini suiiste’mol qilsa...

– Departament faoliyatini nechaga baholagan bo‘lar edingiz?

– Menimcha, 7 yoki 8 ball deb aytsam bo‘ladi. Undan yuqori baho qo‘ya olmayman, chunki ishimizda kamchiliklar ham bor, ba’zi suiiste’molliklar aniqlanyapti. Balki, to‘g‘rirog‘i 7 bo‘lar.

– Avvallari qonunbuzilish holatlari iloji boricha yashirib kelinardi. Endi esa hattoki, AJ matbuot xizmati ham o‘g‘riliklar bo‘yicha ma’lumot berib boryapti. Shu jarayonda departamentning xizmati va huquqni muhofaza qilish vakillari bilan hamkorligi qanday yo‘lga qo‘yilgan?

– Bu sohada huquqni muhofaza qilish xodimlari bilan hamkorlik juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. IIV, Milliy gvardiya, DXX, prokuratura xodimlari bilan birgalikda neft-gaz tarmoqlarida bo‘layotgan o‘g‘riliklarni fosh etish uchun reydlar tashkil qilinadi, ularning yordami beqiyos. Avvallari tizimda o‘g‘rilik yoki boshqa noqonuniy faoliyatlar, firibgarliklar fosh etilsa, ko‘pincha ommaga namoyish qilinmasdi, bu esa illatning yanada gazak olib ketishiga olib kelgan.

– Departament faoliyati mustaqilmi, yuqori lavozimli mansabdorlar bosim o‘tkazmaydimi?

– Departament faoliyati shunday yo‘lga qo‘yilganki, hududlardagi boshqarmalar, neft bazalardagi departament xodimlari bevosita departament boshlig‘iga, departament boshlig‘i esa to‘g‘ridan to‘g‘ri jamiyat boshqaruv raisiga bo‘ysunadi. Joylardagi boshqarma va bo‘limlar tomonidan ularga bosim bo‘lmasligi uchun shu yo‘l tutilgan. Shuningdek, xodimlar oylik-maoshlari ham yuqori belgilab qo‘yilgan va boshqa tomondan kanal qidirishiga ehtiyoj yo‘q. Bundan tashqari, departament rahbariyatiga jamiyat raisi o‘rinbosarlari tomonidan ham bosimlar kuzatilmaydi, sababini yuqorida aytdim. Shuningdek, agar rais biz aniqlab kelgan ma’lumotlarni yopdi-yopdi qilib yuborganida yoxud bunga uringanida bu tuzilmaning keragi bo‘lmasdi. Balki, biz ham ishlamagan bo‘lardik.

  • To‘liq suhbat bilan videoda tanishishingiz mumkin.

Jurnalist Tolib Raxmatov 

Mavzuga oid