13:01 / 03.07.2021
9536

Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga tashrifi rejalashtirilmoqda

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga tashrifi rejalashtirilmoqda. Bu haqda 2 iyul kuni O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov Ozarboyjonning favqulodda va muxtor elchisi Huseyn Guliyev o‘rtasidagi muzokaralarda ma'lum bo‘ldi.

Muzokaralar chog‘ida tomonlar ikki taraflama hamkorlikning bugungi kun tartibini, uni kengaytirish istiqbollarini, shuningdek, ilgari erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.

Investitsiya sohasida hamkorlikni kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi. Sanoatning to‘qimachilik, charm-poyabzal, zargarlik va elektrotexnika sohalarida o‘zbek ishlab chiqaruvchilari bilan sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish uchun Ozarboyjon kompaniyalarini jalb etish ishlarini jadallashtirishga kelishildi.

O‘zaro savdo hajmini oshirish yo‘llari muhokama qilindi. Ikki mamlakat iqtisodiyotlari yaqin kelajakda yillik savdo aylanmasi hajmini 500 mln dollargacha yetkazish uchun barcha shart-sharoitlarga ega ekani ta'kidlandi.

Tomonlar transport va logistika sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollariga ham e'tibor qaratdi. O‘zaro yuk tashishni ko‘paytirish va ikki mamlakat tranzit salohiyatini oshirish bo‘yicha qator masalalar ko‘rib chiqildi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va eksport qilishga yo‘naltirilgan qo‘shma agrologistik klasterlarni yaratish imkoniyatlari o‘rganildi.

Alohida tartibda qator ikki tomonlama tadbirlarga, jumladan, O‘zbekistonga oliy darajadagi tashrif hamda O‘zbekiston va Ozarboyjon o‘rtasida Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya navbatdagi yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish chora-tadbirlariga to‘xtalib o‘tildi.

Muzokaralar yakunida tomonlar oldin erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish va ilgari surish, shuningdek, ikki tomonlama sheriklik yo‘nalishlarini kengaytirish bo‘yicha faol hamkorlik qilishga sodiqligini bildirdi, deyiladi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabarida.

Mavzuga oid
Top