Moliya vazirligi va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining «Sug‘urtalovchilar va sug‘urta vositachilari uchun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarorga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qarori qabul qilindi.
Qoidalar sug‘urtalovchilar va sug‘urta vositachilari (tashkilot) uchun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazoratni tashkil etish va amalga oshirish tartibini belgilaydi.
Ularda pul mablag‘larini yoki boshqa mol-mulkni ishga solmay to‘xtatib qo‘yish, terrorchilik faoliyatida va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishda ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslar, operatsiyalarni to‘xtatib turish, yuqori mansabdor shaxslar va yuqori mansabdor shaxslarga yaqin bo‘lgan shaxslar tushunchalari kiritildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi, u Terrorchilik faoliyatida va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishda ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslar ro‘yxatini shakllantiradi.
Ichki nazoratning vazifalari jumlasiga quyidagilar ham kiritildi:
- benefitsiar mulkdorlarni identifikatsiyalash, ularning shaxsini o‘rganish bo‘yicha mumkin bo‘lgan choralarni ko‘rish va operatsiyalarni amalga oshirishda foydalaniladigan pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulklar manbasini aniqlash;
- yuqori mansabdor shaxslar, ularning oila a'zolari va yuqori mansabdor shaxslarga yaqin shaxslarning amalga oshirayotgan operatsiyalarini chuqur monitoring qilish;
- ro‘yxat bilan solishtirish orqali operatsiya ishtirokchilari orasida terrorchilik faoliyatida yoki ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishda ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslarni aniqlash;
- departamentning pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog‘liq operatsiyalarni 30 ish kunidan ortiq bo‘lmagan muddatga to‘xtatib turish to‘g‘risidagi ko‘rsatmalarini o‘z vaqtida ijro etish;
- ro‘yxatga kiritilgan shaxslar operatsiyalarini to‘xtatib turish va (yoki) pul mablag‘larini yoki boshqa mol-mulkni ishga solmay to‘xtatib qo‘yish;















