19:59 / 04.07.2021
4585

Braziliya oliy sudi Bolsonaruga nisbatan tergov olib borishga ruxsat berdi

Braziliya oliy sudi mamlakat prezidenti Jair Bolsonaruga nisbatan tergov olib borishga ruxsat berdi. Bolsonaru hukumat tomonidan koronavirusga qarshi Hindistonda ishlab chiqilgan Covaxin vaksinasi sotib olinishidagi ehtimoliy qonunbuzarliklarni e'tiborga olmaslikda gumon qilinmoqda.   

Foto: AFP /EVARISTO SA

The Wall Street Journal nashrining yozishicha, prokuratura prezident sog‘liqni saqlash vazirligi mansabdor shaxslari tomonidan unga ma'lum qilingan ehtimoliy qonunbuzarliklarni e'tiborsiz qoldirgani yoki yo‘qligini aniqlamoqchi. O‘tgan hafta sog‘liqni saqlash vazirligi xodimi Luis Miranda qonunbuzarliklarga qaramay, vazirlikning Bharat Biotech hind kompaniyasi vaksinasining import qilinishini talab qilgan boshqa xodimlari bosimiga uchraganini ma'lum qilgan.

Shartnomaga ko‘ra, Braziliya Covaxin vaksinasi yetkazib berilgandan 30 kun o‘tib pulni to‘lashi kerak bo‘lgan. Biroq sog‘liqni saqlash vazirligi hali yetkazib berilmagan vaksina uchun hisob olgan. Hisobda ko‘rsatilgan vaksina miqdori shartnoma tuzishda tomonlar kelishgandan farq qilgan. Kongressning ushbu ish bo‘yicha tergovida ishtirok etayotgan senatorlar ushbu g‘alizliklar vaksinalar sotib olishdagi ehtimoliy korrupsiya holatlariga ishora qilishi mumkinligini aytishgan va u bo‘yicha tergov o‘tkazishga chaqirishgan.

Mirandaning ta'kidlashicha, u 20 mart kuni prezident bilan uchrashib, unga shartnoma va vaksina uchun taqdim qilingan hisoblardagi farqlar haqida xabar qilgan. Bolsonaru ushbu ishni federal politsiyaga topshirishga va'da bergan. Politsiya esa ushbu ish bo‘yicha tergov boshlanishini 30 iyundagina e'lon qilgan.

Bolsonaru matbuot xizmati prezidentga qarshi tergov boshlanishiga izoh berishdan bosh tortdi. Prezidentning o‘zi esa avvalroq ushbu ish bo‘yicha unga qarshi tergov boshlanishi mumkinligini uning hukumatini ag‘darishga “ahmoqona” urinish deb atagandi. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, Bolsonaruga nisbatan ushbu tergov unga ayblov bildirilishi bilan yakunlanishi dargumon. Braziliyada prezidentga qarshi jinoiy ayblovlar kongress quyi palatasining uchdan ikki qismi tomonidan qo‘llab-quvvatlangandagina bildirilishi mumkin. Biroq quyi palata hozirda prezident tarafdorlari tomonidan nazorat qilinadi.

Top