21:37 / 04.07.2021
7094

Filippindagi aviahalokat qurbonlari soni 45 nafarga yetdi

Qutqaruvchilar Filippin harbiy-havo dengiz kuchlari samolyoti qulagan joyda 42 harbiy va 3 fuqaroning jasadini topishdi. Shuningdek, 5 harbiy bedarak yo‘qolgan, deb hisoblanmoqda.

Foto: REUTERS

Avvalroq S-130 harbiy samolyoti Xolo oroliga qo‘nish vaqtida halokatga uchragani ma'lum qilingandi. Samolyot Kagayan-de-Oro shahridan 96 harbiyni Xolo oroliga olib ketayotgan bo‘lgan. Harbiylar orolga ekstremistlar va ayirmachilarga qarshi kurash uchun yo‘nalayotgan bo‘lgan. Ma'lumotlarga ko‘ra, samolyot aeroportga qo‘nish vaqtida uchish-qo‘nish yo‘lagidan o‘tib ketgan va yaqin oradagi qishloqqa borib urilgan. Shundan keyin voqea joyida yong‘in chiqqan.

CNN Philippines telekanali ma'lumotlariga ko‘ra, halokatda tirik qolgan 49 harbiydan 32 nafari Zamboanga shahridagi shifoxonaga yetkazilgan. Voqea joyida qidiruv ishlari davom etmoqda.

Foto: REUTERS

Filippin mudofaa vaziri Delfin Lorenzana qutqaruv amaliyoti tugashi bilanoq voqea tafsilotlarini o‘rganish bo‘yicha tergov o‘tkazishni buyurgan. Ta'kidlanishicha, bu Filippinda joriy yilda harbiy aviatexnika bilan yuz berayotgan to‘rtinchi baxsiz hodisadir. Oxirgi bunday aviahalokat 2 haftagina oldin yuz bergan: 24 iyunda poytaxt Manila yaqinida S-70i Black Hawk harbiy vertolyoti qulashi oqibatida 6 kishi halok bo‘lgan.

Foto: REUTERS

Mamlakat parlamenti vakillar palatasining mudofaa va xavfsizlik bo‘yicha qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Raffi Biazonning ta'kidlashicha, kelgusida bunday hodisalar takrorlanmasligi uchun oxirgi aviahalokatlar tergovini ikki karra tezlashtirish zarur. “Ushbu halokatlar sababini, xoh inson xatosi, xoh texnika nosozligi yoki ob-havo sharoiti bo‘lsin, aniqlash lozim. Agar halokatlarga texnika ishlamay qolgani sabab bo‘lsa, bu xarid qilingan mulk sifati bo‘yicha savollar tug‘diradi. Agar bunga ekipaj xatosi sabab bo‘lsa, unda shaxsiy tarkib tayyorgarligini qayta ko‘rib chiqishga to‘g‘ri keladi”, deb ta'kidlab o‘tgan Biazon.

Mavzuga oid
Top