O‘zbekiston | 17:42 / 06.07.2021
16956
5 daqiqa o‘qiladi

1-sinfga onlayn qabul muddati uzaytirildi. Vazir o‘rinbosari texnik muammolarga izoh berdi

15 iyundan 2021/22 o‘quv yili uchun umumta'lim maktablari 1-sinfiga onlayn qabul boshlangan edi. Platforma orqali ro‘yxatdan o‘tish va ariza yuborish jarayoni 20 iyulga qadar davom etadi.

Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov tizimda ro‘yxatdan o‘tishda ota-onalar duch kelayotgan qiyinchiliklar va muammolar bo‘yicha batafsil izoh berdi.

«Bu yil Toshkent shahar va viloyat markazlarida tajriba-sinov ko‘rinishida 1-sinfga qabulni onlayn tashkil qildik. Toshkent shahar va viloyat markazlarida qabul qilinishi kerak bo‘lgan o‘quvchilar soni 110 mingga yaqin. 15 iyundan 1 iyulgacha onlayn ro‘yxatdan o‘tkazilgan arizalar soni 35 mingni tashkil etyapti. Shundan 17 mingdan ortig‘i hozir o‘zining mikrohududiga biriktirilgan maktabga joylashgan. 

Undan tashqari, 5 mingga yaqin ota-onalarda ma'lum texnik muammolar yuzaga kelyapti. Joy nomlarini kiritishda xatoliklar yuzaga kelyapti, chunki ko‘cha, mahalla nomlari shu paytgacha raqamlashtirilmagan. Bu tizim birinchi marta onlayn bo‘lgani sababli, ota-ona maktabga bormasligi uchun platforma boshqa tashkilotlar bilan integratsiya qilindi. Har bir o‘quvchi qaysi mikrohudud maktabiga biriktirilganini aniqlash uchun uning turar joyi, o‘ziga biriktirilgan maktabni bilish kerak bo‘ladi.

Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov

My.maktab.uz platformasi o‘quvchilar manzilini aniqlashda Ichki ishlar vazirligi, Raqamli Toshkent tizimi, Adliya vazirligi bilan esa bolaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi, ota-onasining pasportdagi ma'lumotlarini aniqlash uchun o‘zaro integratsiya qilindi. 35 mingga yaqin ariza kelib tushgan bo‘lsa, 10 mingga yaqini moderatorlar tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. Moderatorlar ma'lumotlar to‘g‘ri kiritilganini 3 ish kuni davomida ko‘rib chiqishadi», deydi vazir o‘rinbosari.

Vazirlik rasmiysi tizimda xatoliklar yuzaga kelayotgani to‘g‘risidagi e'tirozlarga munosabat bildirib, texnik muammolarga izoh berdi.

«Onlayn qabul bo‘yicha savollarga javob berish uchun 10 nafardan iborat koll-markaz tashkil qilingan. Kuniga o‘rtacha 1500ga yaqin qo‘ng‘iroqlar bo‘ladi. Koll-markazdan tashqari alohida moderatorlar guruhi ham tashkil qilingan bo‘lib, ular ota-onalarga arizalarni to‘g‘ri topshirishda ko‘mak berishyapti. Murojaatlar soni birdaniga ko‘payib ketishi hisobiga telefonga tushish qiyin bo‘lyapti, lekin bir martadan ko‘proq telefon qilib tushish imkoniyati bo‘ladi. Nafaqat, koll-markaz orqali, balki ijtimoiy tarmoq, platformaning telegram kanali orqali ham ota-onalarning ariza topshirishdagi muammolari hal qilinadi.

Bir xodim kuniga o‘rtacha 200ga yaqin qo‘ng‘iroqlarga javob beryapti. Farzandingiz 1-sinfga qabul qilindi, deb sms-xabar yuborilgan bo‘lsa ham, ota-onalar koll-markazga telefon qilib, yana bir marta tasdiqlab olishyapti. Bu vaqt davomida boshqa ota-onalar muhim savollari bilan kutib turgan bo‘lishlari mumkin. Ota-onalardan behuda qo‘ng‘iroq qilib, aloqani band qilmaslikni so‘raymiz.

Platformaga ko‘chalar nomini kiritishda muammo kelib chiqyapti, chunki shu paytgacha joy nomlari onlayn bazasi shakllantirilmagan. O‘quvchilarning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalarida xatoliklar bo‘lyapti, ularni bartaraf etish uchun Adliya vazirligi bilan hamkorlikda ishchi guruh bo‘lib ishlayapmiz. Ichki ishlar vazirligi bilan ham shu tizimni yo‘lga qo‘yganmiz.

Bu yil 1-sinfga qabul qilinadigan biror bola o‘qishga qabul qilinmay qolib ketmaydi. Ota-onalardan sabrli bo‘lishni so‘rab qolardim. Ota-onalarga koll-markaz, moderatorlar guruhi xizmat ko‘rsatyapti. Umumiy topshirilgan arizalarning 15 foizida muammolar yuzaga kelyapti. Ularni operativ hal qilishga harakat qilyapmiz. 5 mingdan ortiq ariza qayta tahrirlashga yuborildi. Tizimda xatolik bor, deyish xato bo‘ladi, tizim mukammal ishlab turibdi, kunlik, soatlik monitoringini olib boramiz.

Platformani bu yil Toshkent shahri, viloyatlar markazlari uchun joriy qilgan bo‘lsak, keyingi yilda buni butun respublika bo‘yicha joriy qilishni rejalashtirganmiz. Onlayn platformadan ro‘yxatdan o‘tishda muammolar bo‘ladigan bo‘lsa, ota-onalar koll-markazga, xalq ta'limi bo‘limlariga murojaat qilib, mutaxassislar yordamida tizimdan ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin», deydi u. 

Muhabbat Ma'mirova,
Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi – Doniyor Yakubov.

Mavzuga oid