Savollarga Samarqand viloyat Xalq ta'limi boshqarmasining Umumiy o‘rta ta'lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Farrux Boltayev javob berdi.

Maktablarning 1-sinflariga qabul qachondan boshlanadi va qachongacha davom etadi?

2021/22 o‘quv yili uchun respublikadagi barcha umumta'lim maktablarining 1-sinfiga qabul kecha, 15 iyundan boshlandi va 15 avgustga qadar davom etadi.

Birinchi navbatda, 15 iyun sanasidan 15 iyulga qadar 1-sinfga boradigan bola oilasi bilan muqim yashaydigan mikrohududda joylashgan maktablarga hujjatlar topshirilishi amalga oshiriladi.

Ikkinchi navbatda, agar ota-onalar o‘zlari yashaydigan mikrohududdan tashqaridagi hududdagi maktabga bolasini o‘qishga bermoqchi bo‘lishsa, 16 iyuldan 15 avgustga qadar boshqa mikrohududga taalluqli bo‘lgan maktabga, agar o‘sha maktabda qo‘shimcha o‘rinlar (kvotalar) mavjud bo‘lsa hujjat topshirib, qo‘yishlari mumkin.

Maktablarga bolalar necha yoshdan qabul qilinadi va qanday hujjatlarni topshirish talab etiladi?

«Ta'lim to‘g‘risida»gi qonunning 9-moddasiga binoan, maktablarning 1-sinflariga ta'lim yilida 7 yoshga to‘ladigan o‘quvchilar qabul qilinadi. Joriy, 2021/22 o‘quv yili uchun 2014 yilning 1 yanvaridan 31 dekabri oralig‘ida tug‘ilgan bolalar 1-sinfga qabul qilinadi.

Maktabga qabul qilish uchun quyidagi hujjatlar zarur bo‘ladi:

  1. Ota-onasining shaxsini tasdiqlovchi hujjati (nusxasi);
  2. Bolaning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi (nusxasi);
  3. 35×45 mm o‘lchamli 4 dona rangli fotosurat;
  4. Tibbiy ma'lumotnoma;
  5. Umumta'lim maktabi direktori nomiga ariza.

Hujjatlarni onlayn topshirsa ham bo‘ladimi?

Ayni paytda test-drayv tarzida Toshkent va Nukus shaharlarida, shuningdek barcha viloyat markazlarida my.maktab.uz portali orqali umumta'lim maktablarining 1-sinfiga boradigan bolalarning ota-onalari onlayn ravishda hujjat topshirish imkoniyati yaratilgan.