Jahon | 21:39 / 06.07.2021
13820
4 daqiqa o‘qiladi

Kamchatkada yo‘lovchi samolyot qulab tushdi. Bortdagilarning barchasi halok bo‘lgan

Rossiyaning Kamchatka o‘lkasida qutqaruvchilar bortida 28 kishi bo‘lgan An-26 rusumli samolyot qoldiqlarini topishdi. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, yo‘lovchilar va ekipaj a'zolarining barchasi halok bo‘lgan. Tergov qo‘mitasi halokatning ehtimoliy sababi sifatida - noqulay ob-havo sharoiti, texnik nosozlik va uchuvchining xatosi kabi variantlarni ko‘rib chiqmoqda.

Arxiv foto: RUSSIAN EMERGENCIES MINISTRY/REUTERS

«Hozirda noqulay ob-havo sharoiti va hodisa joyiga vertolyotda yetib borish qiyinchiliklari tufayli qutqaruv amaliyotini to‘xtatgan. Ish erta tongdan davom ettiriladi», deya ma'lum qilgan Kamchatka o‘lkasi gubernatori Vladimir Solodov.

Rosaviatsiyaning ma'lum qilishicha, samolyot qoldiqlari qirg‘oq uchish-qo‘nish yo‘lagidan taxminan 4-5 kilometr masofada joylashgan Palana posyolkasi hududidan topilgan. FVVning aniqlik kiritishicha, qoldiqlar aeroportdan 3,8 kilometr masofada topilgan.

Taxmin qilinishicha, samolyot ikkinchi aylanaga kirayotganda qulab tushgan.

Sanitariya aviatsiyasi qulab tushgan An-26 samolyotining barcha yo‘lovchilari va ekipaj a'zolari halok bo‘lganini ma'lum qilgan.

Rosaviatsiyadagilar halokat joyida qutqaruv ishlarini olib borish landshaftning o‘ziga xosligi tufayli murakkablashganini bildirgan. Qutqaruvchilar voqea joyiga vezdexodlarda yetib borishi kerak edi. Ammo qorong‘i tushishi va dengiz suvi ko‘tarilishi tufayli ularning harakatlanishi qiyinlashgan.

Samolyotga egalik qilgan kompaniya vakillari RIA Novosti muxbiriga ma'lum qilishicha, An-26 «qirg‘oqdagi qoyaga urilib ketgan» va uning qoldiqlarining bir qismi dengizga tushgan.

OAVning e'tibor qaratishicha, halokat hududida havo aynigan va ko‘rish darajasi past bo‘lgan. «Samolyot qo‘l rejimida, uchuvchilarning quruqlik bilan aloqasi juda past darajada bo‘lgan holatda qo‘nish uchun harakat boshlagan. Taxmin qilinishicha, ko‘rish darajasi past bo‘lgan holatda samolyot birinchi urinishda qo‘na olmagan va  tepalik bilan to‘qnashib ketgan», degan «Interfaks» manbasi.

Kamchatka o‘lkasi gubernatori Vladimir Solodov agentlik bilan intervyusida samolyot ekipaji tajribali bo‘lganini va aviahalokat sabablari haqida gapirishda shoshilmaslik kerakligini aytgan. Solodovning so‘zlariga ko‘ra, hozircha yo‘lovchilar va ekipaj a'zolarining jasadlari topilmagan: «U yerga faqat suv orqali katerlar bilan borish mumkin. Aftidan, faqat ertaga qurbonlar bo‘yicha rasmiy tasdiqlov bo‘ladi».

Rossiya tergov qo‘mitasi (SKR) dastlabki versiyalarni keltirgan - noqulay ob-havo sharoiti, texnik nosozlik va uchuvchi xatosi. 

Qo‘mita tomonidan harakat xavfsizligi va havo transporti ekspluatatsiyasi qoidalarini buzish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Petropavlovsk-Kamchatskiy - Palana yo‘nalishida uchgan An-26 bilan aloqa seshanba tongida uzilib qolgandi. FVVdagilarning ma'lumotiga ko‘ra, samolyot bortida ekipaj a'zolari bo‘lgan 6 kishi va 22 yo‘lovchi bo‘lgan. Yo‘lovchilar orasida Palana posyolkasi rahbari Olga Moxireva ham bor edi.

Palana - shaharcha tipidagi posyolka bo‘lib, Koryaksk okrugining ma'muriy markazidir (o‘tmishda - Rossiyaning alohida regioni bo‘lgan).

Yo‘qolib qolgan An-26 «Kamchatka aviatsiya korxonasi»ga tegishli bo‘lgan. Korxona bosh direktori Aleksey Xrabrov «Interfaks» bilan suhbatda, samolyot texnik jihatdan soz holatda bo‘lganini ma'lum qilgan. OAV ma'lumotiga ko‘ra, samolyot 1982 yildan buyon foydalanilib kelingan.

Rossiya hukumati matbuot xizmati xabar qilishicha, Transport vaziri Vitaliy Savelev va Rosaviatsiya rahbari Aleksandr Neradko qidiruv ishlarida qatnashish uchun Kamchatkaga uchib ketgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid