O‘zbekistonda «Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida»gi qonunga qo‘shilgan yangi modda asosida Twitter, TikTok, Skype va Vkontakte platformalari faoliyatiga cheklov qo‘yildi.

Kun.uz o‘zbekistonlik bir necha nafar dasturchidan ijtimoiy tarmoqlar serverlarini ko‘chirish talabi qanchalik mantiqli ekani, agar yirik IT kompaniyalari bunga rozi bo‘lmasa, qanday oqibatlar yuzaga kelishi haqidagi fikrlari bilan qiziqdi.

Farhod Fayzullayev
Foto: Zambarakning o‘qi / Telegram

Muallif haqida: IT mutaxassisi. Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Daniyadagi Orxus biznes akademiyasi va Toshkentdagi Vestminster xalqaro universitetida tahsil olgan. «Daryo» internet-nashri asoschisi, Telegram'dagi «Zambarakning o‘qi» kanali muallifi. 2016 yildan beri Kanadaning Kalgari shahrida doimiy istiqomat qiladi. Ayni paytda Avanti Software Inc. kompaniyasining raqamli marketing bo‘yicha menejyeri.

— Fuqarolarning shaxsiy ma'lumotlarini O‘zbekistonga ko‘chirish haqida qonun qabul qilingani va bu borada qilinayotgan ishlar yangilik emas. Bu Rossiya tajribasida sinab ko‘rilgan. Qo‘yilayotgan talabning tagida jon bor.

Kanadada bu borada shunday yo‘l tutilganki, ijtimoiy tarmoqlarning serverlarini joylashtirishni so‘rashmaydi, balki korporativ ma'lumotlarni o‘z mamlakatiga joylashtirish talab qilinadi. Masalan, men ishlaydigan kompaniya buxgalterlik kompyuter dasturlarini yaratadi, ba'zi kompaniyalar buxgalterlik ma'lumotlari, xodimlari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni Kanadada saqlanishini xohlaydi. Lekin buni davlat emas, har bir kompaniya o‘zining IT siyosatiga ko‘ra, boshqa xizmat ko‘rsatuvchilardan talab qiladi.

Endi O‘zbekiston yuritayotgan siyosatga to‘xtalsak, davlat o‘z fuqarolarining ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy ma'lumotlarini o‘z hududida saqlash talabini qo‘yishga haqqi bor, lekin shu bilan birga, kompaniyalarning ham bu talabni bajarmaslikka haqqi bor. Rossiya misolida olib qarasak ham, shunga o‘xshash talabni hech qaysisi bajarmagan. Asosiy sababi, Rossiyada ham, O‘zbekistonda ham shaxsiy ma'lumotlar daxlsiz qolishiga kafolat yo‘q. Facebook ham, Twitter ham bunga ishonmaydi, bu birinchidan.