22:47 / 07.07.2021
34154

Qirg‘izistonda turk maxsus xizmatlari qirg‘iz fuqarosini olib chiqib ketgani mojaroga sabab bo‘ldi

Foto: kabar.kg

Qirg‘iziston parlamenti deputatlari qirg‘iz-turk litseylari tarmog‘i “Sapat” rahbari O‘rxan Inandaning turk maxsus xizmatlari tomonidan o‘g‘irlanishi sababli mamlakat chegara xizmati raisi Ularbek Sharsheyevning iste'fosini talab qilishdi

Asli turkiyalik bo‘lgan O‘rxan Inanda Qirg‘izistonda oxirgi 25 yil davomida faoliyat yuritib kelgan. U 31 may kuni Bishkekda izsiz yo‘qolgan. Uning rafiqasi mamlakat prezidenti Sadir Japarovga turmush o‘rtog‘ini topishda yordam so‘rab murojaat qilgan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Inandani topish uchun katta kuch tashlangan. Jumladan, 10 mingdan ko‘proq obekt tekshirib chiqilgan.

Bu orada 5 iyulda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Inanda maxsus operatsiya natijasida ushlanib, Turkiyaga olib kelinganini ma'lum qilgan. Erdo‘g‘anning ta'kidlashicha, Inanda Turkiyada terrorchi tashkilot deb tan olingan FETO rahbarlaridan biri bo‘lgan.

6 iyulda Qirg‘iziston prezidenti hukumat Turkiyadan Inandaning qaytarilishini talab qilishini aytgan.

Ushbu hodisa yuzasidan qirg‘iz deputatlarida xorijiy razvedka agentlari qanday qilib Qirg‘iziston hududiga kirgani va hech qanday qarshiliksiz mamlakat fuqarosini olib chiqib keta olgani borasida savol tug‘ilgan.

“Nima uchun bu yerda o‘tiribsiz? Nima uchun iste'foga ketmayapsiz? Xorijiy maxsus xizmatlar qanday qilib mamlakatga kirib, bir odamni olib chiqib ketdi? Bu davlatga xiyonat bilan barobar. Siz bu uchun javob berishingiz lozim!” deb yuzlangan Sharsheyevga deputatlardan biri Janar Akayev.

Yana bir deputat Abduvahob Nurbayev Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi vakillariga yuzlanib, ular o‘z ishlarini uddalay olishmaganini aytgan.

Qirg‘iziston ushbu hodisa yuzasidan Turkiya elchisi Ahmet Sodiq Doganga norozilik notasi bildirib, Anqaraning bu xatti-harakatlari nomaqbulligini, chunki xalqaro huquq me'yorlarini qo‘pol buzishini aytgan.

O‘z navbatida, Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirligi Inandani respublikaga qaytarish uchun barcha sa'y-harakatlarni amalga oshirishga va'da bergan.

Top