Jahon | 23:42 / 09.07.2021
8172
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniya Yevropa Ittifoqiga Brexit uchun 47,5 mlrd yevro to‘lashdan bosh tortdi

Britaniya hukumati Yevropa Ittifoqi tarkibidan chiqqani uchun Bryussel undan talab qilayotgan pulni to‘lashdan bosh tortmoqda. Yevropa Ittifoqi hisob-kitoblariga ko‘ra, Britaniya Brexit uchun 47,5 mlrd yevro (56,2 mlrd dollar) to‘lashi kerak.  

“Biz bu summani tan olmaymiz. Bu Yevropa Ittifoqining hisob-kitoblari. Misol uchun, ularda Yevropa Ittifoqi Britaniyaga qaytarishi kerak bo‘lgan mablag‘lar hisobga olinmagan. Bu esa talab qilinayotgan summaning qisqarishiga olib keladi”, deb aytgan Britaniya bosh vaziri Boris Jonson.

U Britaniyaning bu masala bo‘yicha ma'lumotlari yaqin orada parlamentda e'lon qilinishini aytgan. Britaniya Yevropa Ittifoqiga to‘lashi kerak bo‘lgan summani 35-39 mlrd funt sterlingga (48-54 mlrd dollar) baholamoqda. Bryussel talab qilayotgan qiymat esa 2 mlrd funt sterlingga ko‘proqni tashkil qilmoqda.    

Endilikda Yevropa Ittifoqi Britaniyadan talab qilayotgan summa Yevropa hisob palatasi tomonidan noyabrda tasdiqlanishi kerak. Palata vakili Toni Merfining ta'kidlashicha, ushbu qiymat o‘zgarishi dargumon. Ta'kidlanishicha, London Bryusselga 6,8 mlrd yevro miqdoridagi birinchi to‘lovni 2022 yilda amalga oshirishi kerak. Brexit haqidagi kelishuvga ko‘ra, jami summa bir necha o‘n yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lab beriladi.

Britaniya Yevropa Ittifoqi tarkibini 2020 yil 1 fevralda tark etgandi.

Mavzuga oid