Jahon | 22:04 / 11.07.2021
8812
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniyalik milliarder fazoviy parvozni amalga oshirdi

Foto: Getty Images

Britaniyalik milliarder Richard Brenson 5 kishilik jamoasi bilan birga 100 kmga yaqin balandlikka parvoz qildi. Brenson suborbital parvozni Virgin Galactic kompaniyasining Unity kosmolyotida amalga oshirdi. Kosmolyot Yer atmosferasi va fazo o‘rtasidagi shartli chegara hisoblanuvchi Karman chizig‘iga yetgan.

Qurilma AQShning Nyu-Meksiko shtatidagi “Amerika” kosmodromidan ikki fyuzelyajli samolyot-tashuvchi White Knight Two yordamida orbitaga chiqarildi. Ushbu qurilma Brensonning onasi sharafiga Eve (Eva) deb nomlangan.

Parvoz dastlabki rejaga ko‘ra mahalliy vaqt bilan soat 16da boshlanishi kerak edi, biroq ob-havo sharoiti sababli 1,5 soatga kechiktirilgan.

15 km balandlikda kosmolyot samolyot-tashuvchidan ajralib, 100 km balandlikka yo‘l olgan.

Brenson bilan birga qurilmada sinovchi-uchuvchilar Deyv Makay va Maykl Mazuchchi, tadqiqotlar uchun mas'ul xodim Sirisha Bandla, kompaniyaning yetakchi muhandisi Kolin Bennet va astronavtlarni tayyorlash dasturi boshlig‘i Bet Mozes bo‘lgan.

9 kundan keyin dunyoning eng badavlat odami Jyeff Bezos ham fazoga parvoz qiladi. U parvozni o‘ziga tegishli Blue Origin kompaniyasi ishlab chiqqan New Shepard kemasida amalga oshiradi. Kompaniyada ta'kidlanishicha, Unity’ning parvozini Yerdan yetarlicha baland ko‘tarilmagani sababli fazoviy parvoz deb hisoblab bo‘lmaydi. Kompaniya Brensonning kemasini “yuqori balandliklarda uchuvchi samolyot”, o‘z kemasini esa “haqiqiy raketa” deb atagan.

Mavzuga oid