Jahon | 12:41 / 11.07.2021
47107
9 daqiqa o‘qiladi

«Kollektiv harakatsizlik shartnomasi». Markaziy Osiyo davlatlari KXShTga ishonishi mumkinmi?

Tashkilotga Markaziy Osiyodagi 3ta davlat: Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston a'zo hisoblanadi. Afg‘onistondagi vaziyat keskinlashishi fonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tahdidlarga qarshi ushbu davlatlarga tashkilot tomonidan harbiy yordam ko‘rsatilishi mumkinmi?

Foto: Nozim Kalandarov / TASS

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT/ODKB) — Rossiya, Belarus, Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonni o‘z ichiga olgan harbiy ittifoq hisoblanib, hech qachon oltita a'zo davlatlarda ham, ularning tashqarisida ham juda mashhur bo‘lmagan. Bu yerda gap umuman a'zo davlatlardan katta xarajatlarni talab qilishda yoki tajovuzkor ekspansiya siyosatini olib borishda emas.

Ebert Foundation tomonidan o‘tkazilgan 2019 yilgi so‘rov natijalariga ko‘ra, ukrainlarning 57 foizi, latishlarning 62 foizi va polyaklarning 66 foizi KXShT rolini kuchaytirishni qo‘llab-quvvatlagan. Tadqiqotchilar ushbu mamlakatlarda juda ko‘p ruslarni «yoqtiradigan» odamlarni topishi mumkin, ammo respondentlar o‘zlari bilmagan tashkilotning nomini yoqtirishgan. «Kollektiv xavfsizlik»ka kim qarshi chiqadi?

So‘nggi bir yil ichida KXShT shu qadar ko‘p muammolarga duch keldiki, tashkilot haqidagi munozaralar tor doiradagi ekspertlar muhokamalaridan barcha a'zo davlatlarda keng siyosiy bahslarga sabab bo‘ldi. Natijada KXShT nima bilan shug‘ullanishi kerakligi va bu haqiqatan qanchalik a'zo davlatlarga kerak ekani to‘g‘risida savollar paydo bo‘ldi.

KXShT uchun asosiy muammo o‘tgan yil kuzda Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasidagi Qorabog‘ urushida yuzaga keldi. Tashkilot mojaroni e'tiborsiz qoldirgani Armaniston jamoatchiligi hafsalasini pir qildi, ular KXShTning rasmiy ravishda Ozarboyjon hududi sifatida tan olingan Tog‘li Qorabog‘da janglar bo‘lib o‘tdi degan huquqiy dalillarini qabul qilmadi. Ozarboyjon raketalari Armaniston hududiga tushganida, ushbu dalil armanlar uchun ayniqsa ishonarli emas edi.

Nazariy jihatdan, tashkilot shartnomasining 4-moddasida belgilanishicha, a'zolaridan birining xavfsizligi, barqarorligi, hududiy yaxlitligi va suverenitetiga tahdid soladigan qurolli hujum barcha a'zo davlatlarga nisbatan tajovuz sifatida qabul qilinadi. Ushbu moddadan iqtibos keltirgan holda, armanistonlik siyosatchilar bosh vazir Nikol Pashinyanni KXShTga murojaat qilishga chaqirishdi, ammo u buni bajarmadi.

Pashinyan faqatgina, 2021 yil bahorida, Ozarboyjon qo‘shinlari ikki mamlakat chegaralarini qayta demarkatsiya qilish uchun harakat boshlaganida KXShTga yordam so‘rab murojaat qilgan.

Dushanbeda bo‘lib o‘tgan vazirlar sammitida esa yordam so‘rovi rad etildi. KXShT ittifoqchisini himoya qilish uchun kuch ishlatish to‘g‘risidagi qaror a'zo davlatlar rahbarlari tomonidan bir ovozdan qabul qilinishi va har yili saylanadigan rais avvalo bu masalani kun tartibiga olib chiqishi kerak.

Zamonaviy urushlar chegara mojarolari, sabotaj va kiberhujumlardan iborat bo‘lib qolgan paytda, KXShT nizomi Ikkinchi jahon urushi uslubidagi keng ko‘lamli harbiy bosqinlargagina asoslangan.

Armaniston jamoatchiligi o‘z ittifoqchilarining munosabatini xiyonat qilishdan boshqa narsa emas deb baholadi. Uning barcha a'zolari orasida Armaniston har doim KXShTga eng katta umid bog‘lab kelgan, chunki u yerda urush xavfi juda yuqori.

KXShT uchun ikkinchi muammo, joriy yilning aprel oyida uning ikki a'zosi: Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi qurolli chegara mojarosi hisoblanadi. Ayni o‘sha favqulodda vaziyatda, Qirg‘iziston mudofaa vaziri ham, Xavfsizlik Kengashi kotibi ham Tojikiston poytaxti Dushanbe shahridagi KXShT mudofaa vazirlari kengashining majlisida ishtirok etayotgan edi.

KXShT Bosh kotibi Stanislav Zas ikkala tomonni ham sulhga chaqirdi, ammo bu katta yordam bermasligi aniq edi.

KXShT nizomi shunchaki uning ikki a'zo davlatlari o‘rtasida urush paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi. Masalan, Rossiya yoki Qozog‘iston tomonidan amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan barcha tashabbuslar — vositachi va muzokaralar stolida qatnashish — ularning KXShTga a'zo bo‘lishiga daxli yo‘q.

Uchinchisi, Belarus yetakchisi Aleksandr Lukashenko namoyishchilarni mamlakatning «barqarorligi» uchun tahdid deb ataganiga qaramay, KXShTga murojaat qilolmagan. Qonunan bu KXShTga choralar ko‘rishiga imkoniyat yaratishi mumkin edi.

A'zo davlatlar KXShT imijini yaxshilashga va uning tamoyillarini harakatga aylantirishga harakat qilmagan deb aytish qiyin, albatta. 2017 yilda Rossiyada KXShT nafaqat uning chegaralarida, balki Suriyadagi vaziyatga o‘xshash tahdidlarga qarshi kurashish masalalarini muhokama qilgan. Moskva o‘z ittifoqchilaridan u yerga kontingent yuborishni iltimos qilgan, ammo faqat Armaniston minalarni tozalash uchun o‘z qo‘shinlarini yuborish majburiyatini olgan, xolos. Bu ham ko‘proq Moskvaga o‘zining sodiqligini namoyish etish uchunligini anglash qiyin emas edi.

Sharqiy Ukrainadagi mojaroni hal qilish bo‘yicha muzokaralar paytida u yerga tinchlikparvar kuchlarni yuborish mavzusi ko‘tarilganda, ular KXShTdan bo‘lishi kerak degan taklif bor edi. Ammo tinchlik muzokaralari boshi berk ko‘chaga kirib qolgani sababli, bu optimistik ssenariy unutilgan.

Shuningdek, KXShT tarkibida terroristik tashkilotlarning yagona ro‘yxatini tuzishga urinish bo‘lgan, ammo bu bir qancha sabablarga ko‘ra imkonsiz bo‘lib chiqdi. Masalan, Qozog‘iston va Qirg‘iziston hozirda Kurdiston ishchilar partiyasini Turkiya bilan sheriklik manfaatlarini ko‘zlab terroristik tashkilot sifatida tan olishmoqda. Boshqa tomondan, Moskva Anqaraga bunday imtiyozlarni berishni xohlamaydi.

Natijada, KXShT haqiqatan ham harbiy mashg‘ulotlar va «harbiy va siyosiy vaziyat» mavzusidagi davra suhbatlari o‘tkaziladigan uchrashuvga aylanib qolgan. Ushbu uchrashuvlar Qo‘shma Shtatlar possovet hududidagi laboratoriyalarda yaratayotgan «biologik tahlikani» muhokama qilishni o‘z ichiga oladi, ammo bu yerda yana bir muammo yotadi: KXShTga a'zo ikki mamlakat: Armaniston va Qozog‘istonda Moskvaga tegishli laboratoriyalar mavjud.

KXShTni kengaytirish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqilgan. Bir necha yil oldin, Ozarboyjonning ushbu tashkilotga qo‘shilishi mumkinligi to‘g‘risida juda ko‘p munozaralar bo‘lgan. Chunki u 1992 yilda Kollektiv xavfsizlik to‘g‘risidagi shartnomani imzolagandi. Ammo endilikda Ikkinchi Qorabog‘ urushidagi g‘alabasidan so‘ng, Ozarboyjon ortiqcha majburiyatlarni o‘z zimmasiga olish ehtimoli juda ham past.

Shunga qaramay, KXShT hali ham o‘zining foydali tashkilot ekanligini isbotlash imkoniyatiga ega. Agar u Afg‘onistondan AQSh qo‘shinlari chiqib ketganidan keyin samarali harakatlarni amalga oshira olsa. KXShT bu yil Tojikistonda uchta va Rossiyada bitta mashg‘ulot o‘tkazishni rejalashtirmoqda. AQShning Afg‘onistondan chiqib ketishi ortidan Markaziy Osiyoda qanday muammolar paydo bo‘lishini aniq aytish qiyin. Mintaqadagi 3ta mamlakat ushbu tashkilotning a'zosi ekanligini hisobga olsak, kelgusidagi xatarlarning oldini olish uchun izchil strategiya ishlab chiqilishi kerak.

Ma'lumot uchun, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga 1992 yil 15 mayda Toshkentda asos solingan. O‘shanda Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston kollektiv xavfsizlik to‘g‘risidagi shartnomani imzolagan. 1993 yil 9 sentyabrda Gruziya, 24 sentyabrda Ozarboyjon va 31 dekabrda Belarus shartnomani imzolagan. Shartnoma 1994 yil 20 apreldan kuchga kirgan. U 5 yilga mo‘ljallangan bo‘lib, uzaytirilishi ko‘zda tutilgandi. 1999 yil 2 aprelda Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston prezidentlari shartnomani yana besh yil muddatga uzaytirish to‘g‘risidagi protokolni imzoladi, ammo Ozarboyjon, Gruziya va O‘zbekiston shartnomani uzaytirishni istamadi va tashkilotdan chiqib ketdi.

2006 yil 16 avgustda O‘zbekiston KXShT tarkibiga qaytadan kirdi. 2012 yil 28 iyunda esa Toshkent KXShTga a'zoligini to‘xtatib turishini bildirdi.

KXShTning maqsadi shartnomaga a'zo davlatlarning hududiy-iqtisodiy makonini har qanday tashqi siyosiy tajovuzlardan hamda yirik miqyosdagi tabiiy ofatlardan birgalikda armiya va boshqa yordamchi bo‘linmalar yordamida himoya qilish hisoblanadi. KXShT yagona harbiy-siyosiy ittifoq sifatida jangovar operatsiyalarda hech qachon ishtirok etmagan.

Mavzuga oid