Viza turlari va to‘lovlari - Saudiya Arabistoni viza tartibi haqida
UzbekLife dunyo mamlakatlari viza tizimi haqida ma'lumot berishda davom etadi. Quyidagi maqolada Saudiya Arabistoni vizasi to‘g‘risida foydali hamda qiziqarli ma'lumotlarni taqdim etamiz.
Saudiya Arabistonining viza siyosati
Saudiya Arabistoni nisbatan qat'iy viza siyosatini yurgizadi. Faqatgina bir nechta qo‘shni davlatlar (Bahrayn, Kuvayt, Ummon, Birlashgan Arab Amirliklari) fuqarolari mamlakatga vizasiz kirish huquqiga ega. Ushbu mamlakat fuqarolari faqat shaxsiy guvohnomasini ko‘rsatish orqali Saudiya Arabistoni hududiga kirishi mumkin.
Saudiya Arabistoni eViza tizimini joriy etganidan so‘ng qirqdan ortiq davlat fuqarolari mamlakat vizasiga onlayn ariza topshirish imkoniyatiga ega bo‘ldi, ammo O‘zbekiston ushbu mamlakatlar qatoriga kirmaydi.
Shu sababdan ham mamlakatimiz fuqarolari Saudiya Qirolligi vizasining har qanday turiga o‘z arizalarini faqatgina Saudiya Arabistonining Respublikamizdagi rasmiy diplomatik vakolatxonalarida topshirishlari mumkin.
Vizaga ariza topshirish usullari
Saudiya Arabistoniga viza olish jarayoni sizning fuqaroligingizga bog‘liq bo‘lib, quyidagi ikki usul orqali amalga oshiriladi:
- Onlayn tarzda yoki mamlakatga kelgach viza olish (faqat eViza olish huquqiga ega mamlakat fuqarolari);
- Mamlakatingizdagi Saudiya Arabistoni elchixonasiga murojaat qilish.
Saudiya Arabistoni vizasiga Elchixona / Konsullikka murojaat qilish
Elchixona yoki konsullikka murojaat qilganingizda, konsullik xodimlarining talabiga binoan bir nechta tasdiqlovchi hujjatlarni topshirishingiz kerak bo‘ladi. Ba'zan vizaga murojaat uchun shaxsan borishingizga to‘g‘ri keladi, garchi ba'zi idoralar viza olish uchun arizalarni pochta orqali yoki vakolatli sayyohlik agentligi orqali qabul qilishlari mumkin.
To‘ldirilgan arizani topshirgach, arizangiz ko‘rib chiqilishini 1-2 kun kutishingiz kerak. Bu muddat ma'lum bir elchixona/konsullik faoliyatiga qarab ko‘proq vaqt talab etishi mumkin. Arizangiz ko‘rib chiqilgandan so‘ng, vizangizni qabul soatlari davomida olsangiz bo‘ladi.
Turli xil elchixonalar yoki konsulliklarning o‘z qoidalari va talablari bo‘lishi sababli, har doim birinchi bo‘lib ular bilan bog‘lanish tavsiya etiladi. Uchrashuvni belgilash, ularning ish vaqti va o‘ziga xos talablari haqida faqatgina diplomatik vakolatxona xodimlari orqali bilib olasiz.
Saudiya Arabistoni vizasini Elchixonada/Konsullikda topshirishda talab qilinadigan hujjatlar
Agar siz Saudiya Arabistoni elchixonasi yoki konsulligida viza olish uchun ariza topshirsangiz, taqdim etishingiz kerak bo‘lgan hujjatlar, diplomatik vakolatxonaga va sizning viza olishdan maqsadingizga qarab o‘zgaradi. Biroq umumiy hujjatlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
Saudiya Arabistoni vizasi uchun to‘ldirilgan va imzolangan ariza. Odatda ushbu ariza formasini elchixona yoki konsullik idoralarida yoki ularning veb-saytlaridan topishingiz mumkin.
Pasport o‘lchamidagi fotosurat(lar). Ushbu fotosuratlarning o‘z maxsus talablari mavjud:
a) 2x2 dyuym o‘lchamga ega bo‘lishi;
b) Fotosurat olinganiga 6 oydan ko‘p bo‘lmagan bo‘lishi;
c) Orqa fon oq, hech qanday ortiqcha elementlarsiz bo‘lishi;
d) To‘g‘riga qarab turgan bo‘lishingiz va yuzingiz to‘liq ko‘rinishi lozim.
- Shuningdek, Saudiyada yashash muddatingiz uchun yetarli moliyaviy vositalarni tasdiqlovchi hujjat (bank hisobotlari);
- Kelgusida kamida 6 oy davomida amal qiladigan pasport;
- Saudiya Arabistonida turar joyingizni tasdiqlovchi hujjat (masalan, mehmonxonani buyurtma qilish);
- Qaytish parvozingiz chiptasi;
- Sayohat yo‘nalishingiz;
- Bandligingizni tasdiqlovchi hujjat,
Masalan:
- Ish beruvchi ma'lumotnomasi (agar siz ishlayotgan bo‘lsangiz);
- Tadbirkorlik faoliyatingiz davlat ro‘yxatidan o‘tganini tasdiqlovchi rasmiy hujjat;
- Tahsil oladigan ta'lim dargohingizdan ma'lumotnoma (agar siz talaba bo‘lsangiz).
Taqdim etiladigan hujjatlar mamlakatga kirish uchun viza turlariga qarab o‘zgarishi mumkin.
Saudiya Arabistoni viza turlari
Saudiya Arabistoni quyidagi maqsadlar uchun mamlakatga kirmoqchi bo‘lgan chet el fuqarolariga vizalar taqdim etadi:
- Turizm;
- Biznes;
- Oilaviy tashrif;
- Tranzit;
- Haj/Umra;
- Ish/ish bilan ta'minlash;
- O‘qish.
Saudiya Arabistoni turistik vizasi
Saudiya Arabistoni uchun turistik viza mamlakatga sayyohlik maqsadida kiradigan chet elliklarga beriladi. Yuqorida aytib o‘tilganidek, Saudiya Arabistoni uchun sayyohlik vizasi onlayn tarzda yoki eViza olish huquqiga ega mamlakatlar fuqarolariga beriladi.
Mamlakatimiz fuqarolari Saudiyaga turistik viza olish uchun Saudiya Arabistonining O‘zbekistondagi elchixonasiga murojaat qilishlari kerak.
Saudiya Arabistoni biznes vizasi
Saudiya Arabistoniga biznes bilan bog‘liq maqsadlarda sayohat qilayotgan xorijliklar uchun taqdim etiladi. Ushbu vizani olish uchun Saudiya Arabistonining diplomatik vakolatxonasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishingiz kerak:
- Ish beruvchingiz sizning ushbu mamlakatga aynan biznes maqsadida tashrif buyurayotganingizni tasdiqlovchi Saudiya Arabistoni elchixonasiga murojaat xati;
- Saudiya kompaniyasining taklifnomasi;
- Saudiya Arabistonidagi taklif qiluvchi kompaniya va siz yashaydigan mamlakatda ishlayotgan kompaniya tomonidan kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazish hujjatlari.
Oilaviy tashrif vizasi
Saudiya Arabistoniga oilaviy tashrif vizasi Qirollikdagi oila a'zolaridan birinikiga tashrif buyurishni istagan yoki shaxsiy tashrifi bilan mamlakatga kelishni istagan chet elliklarga beriladi.
Barcha viza turlari singari tashrif vizasini ham onlayn tarzda yoki elchixonaga murojaat qilish yo‘li bilan olish mumkin.
Saudiya Arabistoni tranzit vizasi
Agar siz Saudiya Arabistoni orqali uchinchi mamlakatga yo‘l olsangiz, sizda Saudiya Arabistoni tranzit vizasi bo‘lishi shart. Agar:
- Siz Dammam, Jidda yoki Riyod xalqaro aeroportlari orqali sayohat qilayotgan bo‘lsangiz;
- Sizda 12 soat ichida uchinchi davlatga tasdiqlangan parvoz chiptasi mavjud bo‘lsa;
- Siz aeroportning xalqaro tranzit zonasidan chiqmasangiz;
- Sizda keyingi mamlakat uchun kerakli hujjatlar (masalan, viza) mavjud bo‘lsa, siz tranzit vizani olishingiz shart bo‘lmaydi.
Saudiya Arabistoni Haj/Umra vizasi
Saudiya Arabistoni Haj vizasi Saudiya Arabistoniga Haj yoki Umra amallarini bajarish uchun kirishni istagan dunyodagi musulmon ziyoratchilarga beriladi. Haj vizasi Saudiya Arabistonining xorijdagi elchixonalarida yoki konsulliklarida bepul beriladi.
Saudiya Arabistoni Haj vizasini olish uchun talablar quyidagilardir:
- Kamida olti oy amal qiladigan pasport;
- Saudiya Arabistonida turar joyni tasdiqlovchi hujjat;
- Ikki tomonga parvoz chiptasi;
- Pasport o‘lchamidagi fotosurat(lar);
- 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun: Poliomiyelit va meningitga qarshi vaksinatsiya;
- 15 yoshdan katta bolalar uchun: mavsumiy gripp va meningitga qarshi vaksinatsiya.
1. Jidda shahridagi “Agentlar Birlashmasi”ga muqaddas joylarda turar joy, yo‘riqnoma, transport va boshqa shu kabi ziyorat xizmatlari uchun ikkita sertifikatlangan chek yoki kassa cheklarini topshirishingiz kerak.
2. Ayollar uchun: Mahram bilan sayohat qilishingiz va qarindoshligingizni tasdiqlovchi hujjat topshirishingiz zarur.
- 45 yoshdan oshgan ayol, agar u uyushgan guruh bilan sayohat qilsa va erining, akasining yoki o‘g‘lining ma'qullash xatini taqdim etsa, yolg‘iz o‘zi sayohat qilishi mumkin.
3. So‘nggi besh yil ichida siz Haj vizasini olmagan bo‘lishingiz lozim.
Saudiya Arabistoni ishchi vizasi
Agar siz Saudiya Arabistoniga ishlash uchun ketayotgan bo‘lsangiz, u holda Saudiya Arabistoni ishchi vizasini (shuningdek, mehnat vizasi deb yuritiladi) olishingiz kerak bo‘ladi. Biroq, bundan oldin Saudiya Arabistonidagi ish beruvchingiz siz uchun ruxsatnoma olishi kerak. Ushbu jarayon quyidagicha kechadi:
- Sizning ish beruvchingiz Mehnat vazirligiga ishlash ruxsatnomasi olish uchun murojaat qiladi;
- Agar ariza ma'qullansa, Mehnat vazirligi Tashqi ishlar vazirligiga qaror to‘g‘risida xabar beradi va u viza uchun avtorizatsiya raqamini beradi;
- Shundan so‘ng siz ishchi vizani olish uchun elchixona yoki konsullikka murojaat qilasiz.
Saudiya Arabistoni ishchi vizasi talablari muayyan holatga bog‘liq, ammo odatda quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- Saudiya Arabistoni Mehnat vazirligi yoki Tashqi ishlar vazirligi tomonidan ishchi vizasi avtorizatsiyasini tasdiqlovchi hujjat;
- Saudiya Arabistonidagi Savdo-sanoat palatasi va Tashqi ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlangan Saudiya Arabistonidagi kompaniyaning homiylik xati;
- Mehnat shartnomangizning nusxasi;
- Yuqumli kasalliklar yuqtirmaganligingiz to‘g‘risida malakali tibbiyot xodimi tomonidan berilgan tibbiy xulosa. (Hisobot so‘nggi 3 oy ichida chiqarilgan bo‘lishi lozim);
- So‘nggi olti oy ichida rasmiylashtirilgan politsiya tekshiruvi xulosalari;
- Ilmiy malaka va diplomlar.
Shuni yodda tutingki, Saudiya Arabistoniga ishchi vizasini olib, Qirollikka kirganingizdan so‘ng, siz Mehnat vazirligidan yashash uchun ruxsatnoma olishingiz kerak.
Saudiya Arabistoni talaba vizasi
Saudiya Arabistoni talaba vizasini olish uchun avval Saudiya Arabistonidagi ta'lim muassasasiga qabul qilinishingiz kerak. So‘ng ta'lim muassasangiz Tashqi ishlar vazirligiga talabalik vizangizga ruxsatnoma olish uchun murojaat qilishi zarur. Agar Tashqi ishlar vazirligi vizani rasmiylashtirsa, quyidagi hujjatlarni Saudiya Arabistoni elchixonalari yoki konsulliklaridan biriga taqdim etishingiz kerak:
- Tashqi ishlar vazirligining ruxsatnomasini tasdiqlovchi hujjat (masalan, viza avtorizatsiya raqami);
- Tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma;
- O‘rta maktab diplomingiz yoki boshqa oldingi ilmiy malakangiz;
- Yuqumli kasalliklar yuqtirmaganligingiz to‘g‘risida malakali tibbiyot xodimi tomonidan berilgan tibbiy xulosa. Hisobot so‘nggi 3 oy ichida chiqarilgan bo‘lishi shart. 16 yoshgacha bo‘lgan abituriyentlar tibbiy xulosani topshirishlari shart emas;
- So‘nggi 6 oy ichida rasmiylashtirilgan politsiya tekshiruvi xulosalari.
Agar siz 18 yoshga to‘lmagan bo‘lsangiz, ota-onangiz yoki qonuniy vakilingizning roziligi talab etiladi.
Saudiya Arabistoni viza to‘lovi
Saudiya Arabistoni eViza viza to‘lovi 440 SAR (Saudi Arabian Riyal)ni tashkil etadi (taxminan 117 AQSh dollari), ammo viza narxi o‘zgarishi mumkin. Bundan tashqari, siz amaldagi narxlar bo‘yicha QQS ham to‘lashingiz kerak.
Davlatbek Asadov tayyorladi.
Mavzuga oid
15:04 / 22.12.2024
Magdeburgdagi yarmarkaga hujum. Hozirgacha nimalar ma’lum?
10:19 / 20.12.2024
O‘zbekiston va Hongkong o‘rtasida o‘zaro vizasiz tartib o‘rnatish masalasi muhokama qilinmoqda
16:49 / 19.12.2024
Rossiyalik deputat migrantlar uchun viza joriy qilishni talab etdi
23:51 / 10.12.2024