Jamiyat | 20:18 / 14.07.2021
10949
5 daqiqa o‘qiladi

Andijonda PPX xodimi fuqaroning qo‘lini sindirgani aytildi. Holat prokuratura tomonidan o‘rganilmoqda

Andijon shahar deputati Jahongir Jiyanov IIB xodimlari fuqaroning qo‘lini sindirgani haqida xabar berdi. Bosh prokuratura Andijon shahar prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv o‘tkazayotganini ma'lum qildi. IIV matbuot kotibi esa fuqaroga IIB xodimlari tomonidan jarohat yetkazilganini rad etdi.

Andijon shahar prokuraturasi Andijon shahar IIB Post-patrul xizmati xodimlari tomonidan fuqaro I.Shaxabovga kuch ishlatilgani haqidagi xabar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov xabar berdi.

Hodisa haqida xalq deputatlari Andijon shahar kengashi deputati Jahongir Jiyanov telegram-kanalida yozgan, xabarda Andijonda PPX xodimlari “102”ga qilgan murojaatidan so‘ng bir fuqaroga zo‘rlik ishlatib, uning qo‘lini sindirishgani, hodisa 13 iyul kuni sodir bo‘lgani, shu kuni soat 06:00da Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon shahar filialida jabrlanuvchiga tibbiy yordam ko‘rsatilgani aytiladi.

Jahongir Jiyanov ayni paytda fuqaro I.Sh.ga tazyiqlar bo‘layotgani, arizasini qaytarib olishi uchun turli xil takliflar bildirilayotganini ta'kidlab, O‘zbekiston Bosh prokuraturasidan ushbu ishni nazoratga olishini so‘ragan.

Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov Kun.uz so‘roviga javoban ro‘y bergan holat yuzasidan ayni paytda xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotganini ma'lum qildi. Uning ta'kidlashicha, deputat Jahongir Jiyanovning chiqishi yuzasidan Andijon viloyati IIB mas'ul xodimlari tomonidan o‘rganish o‘tkazilgan.

«Aniqlanishicha, 2021 yil 12 iyul kunidan 13 iyul kuniga o‘tar kechasi Andijon shahar Eski shahar hududida tungi xizmatga jalb qilingan safdorlar Avazbek Hoshimov va Qamariddin Nosirov tungi soat 00:40larda “Shuhrat-lyuks” savdo do‘koni oldida bemaqsad o‘tirgan fuqarolar – I.Sh. va uning 3 nafar sherigi bilan tungi vaqtda bemaqsad ko‘chada yurmaslik, karantin qoidalariga rioya qilish yuzasidan profilaktik suhbat olib borilgan vaqtda fuqaro I.Sh. xodimning qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan, u bilan o‘zaro tortishib, e'tiroz bildirgan va viloyat IIB navbatchilik qismiga qo‘ng‘iroq qilib, IIO xodimlarining harakatlaridan noroziligini ma'lum qilgan.

Fuqaroning murojaatiga asosan, PPX va JTSB PPXB 4-otryad komandirining tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari leytenant S.Muhammedov ushbu joyga borib, I.Sh. bilan suhbatlashgan. Fuqaroning shaxsiga oydinlik kiritgach, u huquqbuzarlik sodir etmaganligi sababli profilaktik suhbat o‘tkazib, I.Sh. va sheriklarining uylariga ketishlariga ruxsat bergan.

Biroq I.Sh. soat taxminan 03:30 va 04:00larda takroran viloyat IIB navbatchilik qismiga qo‘ng‘iroq qilib, IIO xodimlari ustidan  shikoyat qilgan va mas'ul rahbar xodimning kelishini talab qilgan. PPXB komandirining tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, podpolkovnik A.Yuldashev fuqaro I.Sh.ning oldiga – Eski shahar hududiga borib, u bilan ko‘rishgan. A.Yuldashev chaqiruvga asosan kelgani, xodimlarga nisbatan qanday e'tirozlari borligini so‘ragan vaqtida I.Sh. mazkur xodimga ham nosamimiy munosabatda bo‘lib, baqir-chaqir qilgan va o‘zini shubhali tutib, hodisa joyidan qochib ketgan.

Shundan so‘ng fuqaroning shaxsini aniqlash maqsadida I.Sh. ushlab olib kelingan vaqtda u mas'ul rahbar-xodimga qilgan harakati noto‘g‘ri ekanligini tan olib, kechirim so‘ragan. Podpolkovnik A.Yuldashev ushbu holat bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazilishi, tekshiruv davomida barcha holatlarga oydinlik kiritilishini ma'lum qilib, I.Sh.ni xizmat mashinasida xonadoniga olib borib qo‘ygan.

I.Sh. uyiga kirib ketgunigacha badanida tan jarohati borligi haqida ma'lum qilmagan. Shuningdek, xolis guvohlarning bergan ko‘rsatmalari hamda hodisa joyidan olingan videotasvirlarga ko‘ra, ushbu fuqaro tan jarohati olmaganligi ko‘ringan bo‘lsa-da, ertasi kuni I.Sh. viloyat shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limiga IIO xodimlari tan jarohati yetkazganligi bo‘yicha murojaat etgan.

Hozir mazkur holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda. Holatga huquqiy baho berish uchun Andijon shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda», deyiladi Andijon viloyati IIBning Kun.uz’ga taqdim etilgan rasmiy munosabatida.

Viloyat IIB axborot xizmatining ma'lum qilishicha, I.Sh. 2021 yil fevral oyida ham IIO xodimi qo‘l barmoqlarini sindirgani haqida murojaat qilgan. Holatni o‘rgangan prokuratura organlarining yakuniy qaroriga ko‘ra, ushbu murojaat asossiz deb topilgan.

Mavzuga oid