O‘zbekiston | 11:39 / 14.07.2021
18922
3 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona vodiysining tog‘li hududlarida sel xavfi saqlanib qolmoqda

«O‘zgidromet» kecha Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida 8 kishi o‘limiga sabab bo‘lgan sel kelishi holati bo‘yicha ma'lumot berib, 15−16 iyul kunlari Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarining tog‘ oldi va tog‘li hududlarida sel kelishi xavfi borligi haqida ogohlantirdi.

Farg‘ona vodiysi viloyatlari va Qirg‘izistonning O‘zbekiston bilan chegaradosh hududlarida kutilayotgan mahalliy yomg‘irlar sababli 15-16 iyulda Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarining tog‘ oldi va tog‘li hududlarida sel kelishi xavfi mavjud.

13 iyul kuni Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati hududida kuchli yomg‘ir yog‘ishi natijasida sel oqimlari hosil bo‘lgan. Ushbu sel oqimlari soat 13:35 atrofida Namangan viloyatining Kosonsoy tumani, «Obod» MFY hududidan o‘tuvchi Kosonsoy soyidan oqib kelgan. Hodisa oqibatida 8 kishi halok bo‘lgan va 6 kishi jarohatlangan.

«O‘zgidromet» Namangan viloyati Kosonsoy tumanida 13 iyul kunduzi kuzatilgan gidrometeorologik vaziyat to‘g‘risida ma'lumot berdi.

«13 iyul kuni Qirg‘iziston Respublikasining shimoli-g‘arbiy qismi va Qozog‘iston janubidan atmosfera sovuq fronti o‘tdi. Kunning ikkinchi yarmida front o‘tishi ortidan, Farg‘ona vodiysi tog‘ havzalarida kuchli yomg‘irli to‘p-to‘p bulutlar rivojlandi.

Qirg‘iziston Respublikasi Jalolobod viloyati Oqsuv va Olabuqa tumanlarida mahalliy vaqt bilan soat 12:35 va 13:25 oralig‘ida kuchli jala yomg‘ilar yog‘ib o‘tdi. Kuchli jala yomg‘irlar Jalolobod viloyati Oqsuv tumani va Namangan viloyati Kosonsoy tuumanidan oqib o‘tuvchi Kosonsoy soyida sel oqimini hosil qildi», deyiladi xabarda.

Namangan viloyati Kosonsoy tumani ayrim hududlarida qisqa muddatli jala yomg‘irlari va do‘l hodisasi kuzatilgan. O‘rtacha hisobda do‘l diametri 1 sm.ni tashkil etgan.

Kosonsoy tumani tog‘oldi hudud hisoblanib, georafik joylashganligiga ko‘ra, sel-toshqinlari hosil bo‘lishiga moyil hudud sanaladi. 13 iyul kuni qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasi hududlarida kuzatilgan kuchli jala yomg‘irlar hisobiga shakllangan Kosonsoy soyidagi sel hodisalari oldinlari tumanning boshqa soylarida ham tez-tez takrorlangan.

13 iyul kuni Kosonsoy soyidan maksimal 60 kubometr/s miqdordagi sel-suv toshqiini o‘tgan.

Bu Kosonsoy soyi uchun maksimal miqdor emas. Kosonsoy soyida sel hodisalari 1878 yildan boshlab ro‘yxatga olib kelinadi. Soyda sel hodisalari asosan, aprel-iyul oylarida hosil bo‘ladi. Kosonsoy soyida tez-tez sel hodisalari kuzatilgan bo‘lib, 1964 yil 27-28 iyulda 278 kubometr/s, 1988 yil 1 mayda 200 kubometr/s, 1992 yil 25 mayda 250 kubometr/s miqdorida sel kelgan.

O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi mahalliy aholidan 14-17 iyul kunlari Qirg‘iziston Respublikasi bilan chegaradosh bo‘lgan hududlardagi dam olish maskanlariga bormaslikni so‘ragan.

Mavzuga oid