Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Davlat amaldorlarining xizmat mashinalari kimning puliga “tonirovka” qilinadi?
O‘zbekistonda issiq harorat rekordlari paydar-pay yangilangan kunlarda ham hukumat avtomobil oynasini qoraytirish to‘lovlarini saqlab qoldi. Shunday kunlarning birida ijtimoiy tarmoqlarda bir mavzu ko‘tarildi: davlat mansabdorlari xizmat mashinalarini o‘z yonidan “tonirovka” qildiradimi yoki soliq to‘lovchilar hisobidan?
Avtomashina oynalarini qoraytirish – ijtimoiy tarmoqlardagi doimiy muhokama mavzusi. “Tonirovka” bepul davlatlarga havas qiladigan o‘zbekistonliklar o‘z yurtida hatto soya uchun ham pul to‘lashlaridan yozg‘iradi.
O‘tgan haftalarda, O‘zbekistonda rekord darajada issiq harorat hukm surgan kunlarda tarmoqlarda yana shu mavzu ko‘tarildi.
Muhokamalar davomida bir qancha fuqarolar davlat amaldorlari konditsionerli va albatta “tonirovka”li mashinada yurishlari, shu sabab aksariyat aholini qiynayotgan muammoni o‘z tanasida his etmasligi haqida yozib qoldirdi.
Shu o‘rinda bir savol yuzaga keladi: xo‘sh, soliq to‘lovchilar pulidan maosh oladigan amaldorlar soliq to‘lovchilar pulidan sotib olinadigan xizmat mashinalarining oynalarini qaysi pullar hisobidan qoraytiradi? Davlat budjetidanmi, o‘z cho‘ntagidanmi yoki ular uchun bu tekinmi?
Birinchi savol
Avtomobillar oynasining tusini o‘zgartirish Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 iyuldagi qarori bilan tartibga solingan. Hujjatning 5-bandida shunday deyiladi:
“Ichki ishlar vazirligi bir oy muddatda Bosh prokuratura va Davlat xavfsizlik xizmati bilan birgalikda xizmat yengil avtotransport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berish va o‘zgartirish bepul amalga oshiriladigan davlat organlari ro‘yxatini tasdiqlasin”.
Qarorga muvofiq, shunday davlat organlari borki, ularning xizmat avtomashinasi uchun “tonirovka” tekin. Lekin u idoralar qaysilar, BP va DXX tasdiqlagan ro‘yxat qayerda?
Kun.uz manbasiga ko‘ra, bu hujjat jamoatchilikka ochiq emas. Lex.uz saytidan ham bu mazmundagi hujjatni topib bo‘lmaydi.
Biroq manba bepul “tonirovka” tartibi O‘zbekistondagi huquqni muhofaza qiluvchi organlarning yengil xizmat avtomashinalari uchun amal qilishini ma'lum qildi.
Bu idoralar – Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Prezident davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya kabilardir.
Nega aynan huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlarga bunday imkoniyat berilgan, nega jamoatchilikka bu hujjat ochiq emas? Kun.uz bu savollar bilan Bosh prokuraturaga murojaat qildi, idora matbuot xizmati tez orada javob berilishini ma'lum qilgan.
Ikkinchi savol
Huquq organlaridan tashqari fuqarolik tashkilotlari: qolgan vazirlik va idoralar, agentliklar, qo‘mitalar va hokimliklar – bir so‘z bilan aytganda, xizmat avtomashinasi biriktiriladigan amaldorlar uchun “tonirovka”ga ruxsat olish va avtomashina oynalarini qoraytirish pulli tarzda amalga oshiriladi.
Lekin qaysi mablag‘lardan? Bu esa mavzuning ikkinchi dolzarb va javobi topilmagan savolidir.
Uchta vazirlik izohi
Kun.uz xizmat mashinalari uchun “tonirovka” masalasida Adliya vazirligiga murojaat qildi. Vazirlik matbuot xizmatiga ko‘ra, tizimdagi amaldorlarning xizmat mashinasi oynalarini qoraytirish uchun budjetdan mablag‘ ajratilmaydi.
“Tonirovkaga budjetdan mablag‘ ajratilmaydi, biz boshqa davlat tashkilotlarida qanday, bilmaymiz. Lekin Adliya vazirligi tizimida shunday”, – dedi vazirlik matbuot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva.
Moliya vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi matbuot xizmatlari ham yuqoridagi kabi izoh berdi.
“Moliya vazirligida va Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirlik tizimidagi rahbar xodimlarga biriktirilgan avtotransport vositalari oynalarini qoraytirish (“tonirovka” qilish) uchun davlat budjeti yoki vazirlikning budjetdan tashqari jamg‘armalaridan mablag‘ ajratilmagan.
Shu bilan birga, vazirlikning xarajatlari yuzasidan barcha ma'lumotlar “Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun bandlariga asosan vazirlik rasmiy veb-saytida joylashtirib boriladi”, – deya ma'lum qildi hukumatning iqtisodiy bloki matbuot xizmati.
Matbuot xizmati vakiliga ko‘ra, bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorovning xizmat mashinasi “tonirovka” qilinmagan.
Kun.uz bog‘langan bir qator tashkilotlar rahbar va uning o‘rinbosarlariga biriktiriladigan avtomashinalar oynasini qoraytirish xarajatlari qaysi manbalardan qoplanishi bo‘yicha savollarga javob bermadi.
Rasmiy tartib yo‘q
2021 yil 29 aprelda “Davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransportlaridan foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” hukumat qarori chiqqandi.
Hujjatda “tonirovka”ga oid hech qanday tartib nazarda tutilmagan. Xizmat avtomashinalarini sotib olish uchun esa davlat budjetidan mablag‘ ajratiladi. “Tonirovka” uchun qayerdan?
Amaldorlarning mashinasi oynalari tashkilotlarning bahsli tarzda “budjetdan tashqari” deya yurituvchi mablag‘lari hisobidan qoraytiriladi, degan taxminlar ham yo‘q emas. Buni Kun.uz manbasi tasdiqladi, biroq bir qancha budjet tashkilotlari rad etdi.
Shunisi ma'lumki, O‘zbekistonda davlat xizmatchilarining xizmat mashinasini “tonirovka” qilishga oid tartib rasman ishlab chiqilmagan.
1 iyuldan boshlab budjetdan tashqari “cho‘ntaklar” ochilishi kerak
O‘tgan oydagi prezident farmoni bilan, ochiq e'lon qilinishi shart bo‘lgan ma'lumotlar ro‘yxati tasdiqlandi.
Farmonga asosan, 1 iyuldan boshlab, davlat organlari va tashkilotlari nafaqat avtomobil sotib olish chiqimlarini, balki ularni saqlash xarajatlarini ham ochiqlashi kerak.
Bundan tashqari, shu sanadan boshlab budjetdan tashqari jamg‘armalarning tushumlari va xarajatlari ham e'lon qilinishi zarur.
“Nafaqat davlat boshqaruv idoralari, mahalliy hokimliklar, shuningdek, sud, prokuratura bo‘limlarining ham budjetdan tashqari xarajatlari 1 iyuldan ochiqlanishi lozim”, degandi Kun.uz bilan suhbatda farmon yuzasidan sharh bergan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov.
Mavzuga oid
09:13 / 06.03.2026
Xorijiy avtoulovlar uchun “tonirovka” bo‘yicha yangi tartib joriy etildi
18:25 / 13.01.2026
Harbiy xizmatni o‘taganlarga foizsiz ta’lim krediti beriladi
20:17 / 09.01.2026
“Bu – milliy qadriyatning bir qismi” – vazir Ozodbek Nazarbekov to‘yda qo‘shiq aytib, qistirilgan pullarni olganiga izoh berildi
10:30 / 09.12.2025