Jahon | 22:06 / 16.07.2021
30601
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonga yadro qurolini saqlab qolishi uchun 20 milliard dollar va'da qilingandi - Nazarboyev

Foto: RIA Novosti

Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev sobiq ittifoq parchalangandan keyin Qozog‘istonga o‘zida qolgan yadro qurolini saqlab qolishi va shu tariqa yadro quroliga ega birinchi islom davlati bo‘lishi uchun 20 mlrd dollar va'da qilingani haqida so‘zlab berdi. Elboshining ta'kidlashicha, unga bunday va'dani Falastinning sobiq yetakchisi Yosir Arofat Liviyaning sobiq yetakchisi Mummar Kazzofiy nomidan bergan.

“Biz sobiq ittifoq parchalangandan keyin dunyoda yadro quroliga ega 4-yirik davlatga aylandik. Shundan keyin mening yonimga Margaret Tetcher (Britaniyaning 1979-1990 yillardagi bosh vaziri), Jyeyms Beyker (AQShning 1989-1992 yillardagi davlat kotibi) kela boshladi. Ular kelib, mendan raketalarni nima qilishimiz haqida so‘ray boshlashgan”, deb eslab o‘tgan o‘sha voqealarni Nazarboyev amerikalik rejissyor Oliver Stounning “Qozoq: oltin odam tarixi” filmi uchun bergan intervyusida.

Nazarboyevning ta'kidlashicha, o‘shanda Qozog‘istonning amaldagi prezidenti, 1994-1999 yillarda respublika tashqi ishlar vaziri bo‘lgan Qosim-Jo‘mart To‘qayev bir qator islom davlatlaridan Nazarboyev nomiga maktub olgan. Maktubda Qozog‘iston yadro quroliga ega yagona islom davlatiga aylangani aytilgan va undan bu qurolni saqlab qolish so‘ralgan.

Shundan keyin Qozog‘istonga Falastin rahbari Yosir Arofat tashrif buyurgan.

“U menga do‘stlarimiz nomidan kelganini aytgan. Uni Muammar Kazzofiy yadro quroli bilan bog‘liq vaziyatni bilish uchun jo‘natgan. Albatta, bu raketalarni sotish xayolimga ham kelmagan. Men raketalarni saqlab turish qimmatga tushishini, Qozog‘iston bunday xarajatlarni ko‘tara olmasligini aytganman. Shunda Arofat mendan “Qancha pul kerak?” deb so‘ragan. Men o‘shanda dollardagi pullar qanchalik katta-kichikligini bilmasdim. Shunda hazillashib, shunchaki “osmondan olib”, 20 mlrd dollar deb aytganman. Shunchaki, nimadir deyish uchun. Men buni hazil deb hisoblagandim”, deb eslagan Qozog‘istonning birinchi prezidenti Arofat bilan suhbatini.

Biroq Falastin yetakchisi Nazarboyevning so‘zlarini jiddiy qabul qilgan va uning so‘zlarini Kazzofiyga yetkazishini va unda bu pullar bo‘lishini aytgan.

Nazarboyev intervyuda Stounning “Bu pullar olinganmi?” degan savoliga “Yo‘q, men bu pullarni olishni rejalashtirmaganman”, deb javob qilgan.  

Amerikalik rejissyor Oliver Stounning Qozog‘iston va uning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev haqidagi hujjatli filmining 2 soatlik qisqa versiyasi 15 iyulda Moskvada matbuot uchun namoyish qilindi. Film, shuningdek, 8 seriyalik to‘liq versiyada chiqariladi. Uning rasmiy taqdimoti kuzda Rim kinofestivalida bo‘lib o‘tadi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid