O‘zbekiston | 21:51 / 17.07.2021
7716
3 daqiqa o‘qiladi

Nurdinjon Ismoilov parlament deputatlarining yarmidan ko‘pi hali emlanmaganini tanqid qildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 15 iyul kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida spiker Nurdinjon Ismoilov hozirga qadar deputatlarning 70 nafari ixtiyoriy ravishda emlangani, qolganlari esa vaksina olmaganini tanqid ostiga oldi.

Foto: t.me/nurdinjonismoilov

Qayd etilishicha, yalpi majlisda aholini koronavirusdan emlash ishlari sust borayotgani, Sog‘liqni saqlash vazirligi va soha mutaxassislari tomonidan emlashning ijobiy samarasi haqida aholining keng qatlamlari orasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish qoniqarsiz ahvolda ekani tanqid qilindi.

Deputatlar emlash punktlarida yetarli darajada shart-sharoitlar yo‘qligini ham qoraladi.

Majlis davomida sog‘liqni saqlash vaziri va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbariga aholi ko‘p to‘planadigan (bozorlar, savdo markazlari, ko‘ngilochar, dam olish maskanlari va boshqa) joylarda sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishi ustidan qat'iy nazorat o‘rnatish, shu jumladan, ushbu manzillarda emlash punktlari va mobil brigadalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish taklif etildi.

Parlament quyi palatasi spikeri esa deputatlarning o‘zi bu borada namuna bo‘lmayotganini tanqid qildi.

“Ayni paytda ushbu infeksiyaga qarshi kurashda eng samarali tadbirlardan biri emlash ekanini, bundan boshqa chora yo‘qligini soha olimlari e'tirof etmoqda. Shunga qaramasdan, hozirgi kunga qadar quyi palata deputatlarining 70 nafari ixtiyoriy ravishda emlangan xolos. Qolgan 75 nafar deputat koronavirusga qarshi vaksina olmagani, shuningdek, quyi palata devoni xodimlari o‘rtasida emlanganlar soni kamligi ham salbiy holat, albatta.

Aslida biz, tibbiyot xodimlari ishini ko‘paytirmasdan, oilamiz, yaqinlarimiz, hamkasblarimiz va do‘stlarimiz hayotini xavfga qo‘ymasdan, avvalo, o‘zimiz namuna bo‘lishimiz lozim. Qolaversa, koronavirusga qarshi emlash bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot olib borishimiz, uning ijobiy samarasini aholining barcha qatlamlariga keng tushuntirishimiz zarur”, – deya Nurdinjon Ismoilovning so‘zlarini keltirmoqda palata axborot xizmati.

Eslatib o‘tamiz, 16 iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 997 034 kishi koronavirusga qarshi to‘liq emlangan. Ayni kungacha aholini ixtiyoriy emlash tadbirlari uchun 5,5 mln dozadan ortiq vaksina ishlatilgan. Shundan 3 445 376 ta vaksina 1-bosqichda, 1 520 271 ta vaksina 2-bosqichda, 555 373 ta vaksina 3-bosqichda emlash uchun qo‘llangan.

Mavzuga oid