Ichimlik suvi bo‘yicha asossiz to‘lov hisoblanganda 50 foizlik kompensatsiya talab qilish huquqi yaratilishi mumkin
Ichimlik suvi bo‘yicha asossiz to‘lov hisoblanganda iste'molchilar to‘lovning 50 foizi miqdorida kompensatsiya talab qilish huquqiga ega bo‘lishi mumkin. Bu parlamentda muhokama qilinayotgan “Ichimlik suvi ta'minoti va oqova suv chiqarish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida ko‘zda tutilgan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmatining xabar berishicha, ichimlik suvi ta'minoti va oqova suv chiqarish masalalari bugungi kunga qadar qonun darajasida tartibga solinmagan. Amaldagi qonunchilikda ichimlik suvi va oqova suv xizmatlari iste'molchilarining majburiyatlari aniq belgilangan bo‘lib, suv ta'minoti tashkilotlarining majburiyatlari esa mustahkamlanmagan.
Rasmiy relizda syv ta'minoti tashkilotlari faoliyatida intizomning sustligi oqibatida quvurlarda nosozliklar vujudga kelmoqda va iste'molchilar tomonidan ularga noqonuniy ulanish holatlari kuzatilayotgani ta'kidlanadi.
Qayd etilishicha, “Ichimlik suvi ta'minoti va oqova suv chiqarish to‘g‘risida”gi qonuni loyihasida suv ta'minoti tashkilotlarining ushbu sohadagi majburiyatlari va huquqlari belgilanmoqda.
“Mazkur hujjat bilan ichimlik suvi va oqova suv quvurlarining iste'molchi hududiga tutashgan qismigacha ichimlik suvi ta'minoti tashkiloti mas'ul hisoblanishi nazarda tutilib, iste'molchilarga asossiz hisoblangan to‘lovlarning 50 foiziga teng miqdorda ichimlik suvi ta'minoti tashkilotidan kompensatsiya (penya) talab qilish huquqi berilmoqda.
Taklif etilayotgan qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida sohani barqaror rivojlantirish va xizmatlar sifatini oshirishga mo‘ljallangan ta'sirchan huquqiy baza yaratilishi, suv ta'minoti tashkilotlari faoliyatida intizomni kuchaytirish orqali nosozliklar oqibatida ichimlik suvi isrof qilinishining oldi olinadi”, deyiladi parlament quyi palatasi xabarida.
Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda O‘zbekiston aholisining 65 foizi markazlashgan ichimlik suvi va 17 foizi oqova suv xizmatlari bilan ta'minlangan. 17ta suv ta'minoti tashkiloti tomonidan 9 408 ta suv ta'minoti, 58 ta kanalizatsiya inshooti, 72 ming km ichimlik suvi hamda 8,6 ming km oqova suv tarmoqlari orqali xizmatlar ko‘rsatilib kelinmoqda.
Avvalroq “O‘zsuvta'minot” departament boshlig‘i Zuhriddin Zayniddinov foydalanilgan ichimlik suvi uchun to‘lovlar undirilishi 50-60 foizligicha qolayotgani, shu bois kelajakda ichimlik suvi tarmog‘ida ham “aqlli hisoblagich”lar o‘rnatilishi rejalashtirilayotganini ma'lum qilgandi.
Samarqand viloyatining qator shahar va tumanlarida ichimlik suvi ta'minotida uzilishlar kuzatilmoqda
Mavzuga oid
12:32 / 08.09.2024
“O‘zsuvta’minot” muhim eslatma bilan chiqdi
22:38 / 07.09.2024
Suvsiz O‘zbekiston. Eski mavzuning yangi tafsilotlari
18:20 / 24.08.2024
Toshkent viloyatida ichimlik suvidan noqnuniy foydalangan korxona rahbari 5 yilga qamaldi
18:44 / 05.08.2024