Jahon | 18:42 / 19.07.2021
7984
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya toliblar bilan muzokara o‘tkazish niyatida ekanligini ma'lum qildi

Avvalroq «Tolibon» harakati Turkiya harbiylarining Afg‘onistonda bo‘lishiga keskin qarshi chiqishini bildirgandi.

Foto: Anadolu Agency

Turkiya «Tolibon» harakati vakillari bilan Afg‘onistonda turk harbiylari qolishi bo‘yicha muzokara o‘tkazadi. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ma'lum qildi.

«Tolibon» turk harbiylari qolishini istamasligini aytgani yo‘q, ular bizning pozitsiyamizni yaxshi bilishadi. Bizda rejalar bor va ularni amalga oshirmoqdamiz. Hozirda tashqi ishlar vazirligi va shaxsan men bu qadamlarni qo‘ymoqdamiz hamda «Tolibon» bilan muzokara o‘tkazamiz deb umid qilaman. Undan keyin nima bo‘lishini ko‘ramiz», — dedi u.

 Erdo‘g‘anning fikricha, «Tolibon» vakillarining Afg‘onistondagi harakatlari noto‘g‘ri va «bir musulmon ikkinchisiga nisbatan o‘zini qanday tutishi kerakligiga» mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. U toliblarni «o‘z birodarlariga nisbatan bosqinchilik pozitsiyasida bo‘lish»dan voz kechishga chaqirdi.

Eslatib o‘tamiz, may oyi oxirlarida AQSh va Turkiya prezidentlari Jo Bayden va Rajab Toyyib Erdo‘g‘an NATOning Afg‘onistondagi missiyasi yakunlanganidan so‘ng turk harbiylari Kobul aeroporti xavfsizligini ta'minlashi bo‘yicha kelishuvga erishgandi.

Iyun oyi o‘rtalarida Erdo‘g‘an Turkiya AQShning moliyaviy ko‘magida Afg‘onistondagi harbiy kontingentini saqlab qolishga tayyorligini bildirdi.

Shundan so‘ng, «Tolibon» harakati Turkiya harbiylarining Afg‘onistonda bo‘lishiga keskin qarshi chiqishini bildirib, bayonot berdi.

Mavzuga oid