Jahon | 21:52 / 20.07.2021
5522
2 daqiqa o‘qiladi

Lukashenko Yevropa ittifoqidagi belaruslik diplomatlar sonini qisqartirishni buyurdi

Foto: president.gov.by

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Yevropa davlatlaridagi belaruslik diplomatlar sonini qisqartirishni buyurdi. Uning fikricha, Belarus va Yevropa ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlar havas qilsa arzigudek emasligi sababli Yevropa davlatlarida bir nafardan elchi va uning yordamchisini qoldirish yetarli bo‘ladi.

Lukashenko bu haqda Belarusning diplomatik vakolatxonalari rahbarlari bilan yig‘ilishda aytib o‘tdi.

“Agar ular (Yevropa davlatlari) bilan savdo qilmayotgan bo‘lsak, o‘zaro siyosiy munosabatlar, diplomatiya esa nafaqat yo‘q, balki davlatga ziyon yetkazayotgan bo‘lsa, shuncha diplomatlarni ushlab turishdan ne hojat?” deb aytgan Belarus prezidenti yig‘ilishda.

“Agar u yerda bir nafar elchi va uning yordamchisi kerak bo‘lsa, ularni qoldira qoling. Ularga ikki xonali kvartirani ijaraga olib bering va ular ishlayversinlar. Agar munosabatlar yaxshilansa, diplomatlar sonini oshiramiz. Bunga hayot va amaliyot nuqtayi nazaridan yondashish kerak. Bu diplomatik vakolatxonalarni kengaytirishga namuncha zo‘r bermasak”, deb ta'kidlab o‘tgan Lukashenko.

Belarus prezidenti, shuningdek, davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlamaydigan va uning manfaatlarini himoyalamaydigan “adashgan” diplomatlar “ayab o‘tirilmasligidan” ogohlantirgan.

Belarus va Yevropa ittifoqi davlatlari o‘rtasidagi munosabatlar may oxirida Ryanair aviakompaniyasi samolyoti Minskda qo‘ndirilgandan keyin yomonlashgan. Samolyot bortida belaruslik muxolifatchi, Nexta Telegram-kanali asoschisi Roman Protasevich bo‘lgan. Protasevich va unga hamrohlik qilgan rossiyalik Sofiya Sapega maxsus xizmatlar tomonidan hibsga olingandi. Shundan keyin Yevropa ittifoqi davlatlari Belarus aviakompaniyalariga o‘z hududlari ustidan uchishni taqiqlagan. Bundan tashqari, Yevropa ittifoqi Belarusga iqtisodiy sanksiyalar kiritgan.

Mavzuga oid