Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Federerdan Lebrongacha. Tokio Olimpiadasiga bormaydigan 12 yulduz sportchi
Yozgi Olimpiadada odatda sayyoramizning eng kuchli sportchilari ishtirok etishadi. Ammo to‘rt yillikning eng nufuzli sport musobaqasiga tashrif buyurmaydigan yulduzlar ham uchrab turadi. Start arafasidagi Tokio-2020 Olimpiadasi ham bundan mustasno bo‘lmadi. Quyida kunchiqar yurtga tashrif buyurmaydigan sport yulduzlari bilan tanishing.
Mo Fara
Sport turi: yengil atletika
Mamlakati: Buyuk Britaniya

To‘rt karra Olimpiada chempioni, olti karra JCh oltin medali sohibi britaniyalik mashhur yengil atletikachi Mo Fara 2017 yilgi jahon chempionatidan so‘ng 5000 va 10000 metrga yugurish turini marafonga almashtirgandi. Ammo sezilarli yutuqlarga erisha olmagach, yana o‘zining sevimli masofalariga qaytishga qaror qildi. Afsuski, bu qaytish unga omad keltirmadi. Dastlab Farani doping iste'mol qilishda ayblashdi. Biroq bu ayblovlar o‘z isbotini topmadi. Keyin esa 38 yoshli sportchi olimpiya normativini bajara olmagach, Tokio-2020 yo‘llanmasidan quruq qoldi.
Kaster Semenya
Sport turi: yengil atletika
Mamlakati: JAR

Janubiy afrikalik sportchi deyarli 10 yil davomida 800 metrga yugurishning «qirolichasi» bo‘lib keldi. Ikki karra Olimpiada va uch karra jahon chempioni Tokioda g‘alabali seriyasini davom ettirishi mumkin edi. Biroq Xalqaro yengil atletika federatsiyasining yangi qoidalari bunga to‘sqinlik qildi. Unga ko‘ra 400 metrdan ortiq masofaga yuguradigan va yuqori darajadagi testosteronga ega sportchilar maxsus gormonal preparatlar qabul qilishlari lozim ekan. Kaster bunga norozilik tariqasida tashkilot bilan uzoq vaqt sudlashdi. Ammo unda yutqazgach, 5000 metr masofaga yugurishga «ixtisoslashdi». Afsuski bu turda ham u olimpiya normativini bajara olmadi va Tokioga yo‘llanma ololmasligi ma'lum bo‘ldi.
Jastin Getlin
Sport turi: yengil atletika
Mamlakati: AQSh

Jastin Olimpiada chempionligiga uzoq 2004 yilda Afinada erishgan edi. Keyin esa 2005 yilda jahon chempionatida ham triumfal g‘alabaga erishdi. Shundan so‘ng doping bilan bog‘liq muammolar sababli hamda Useyn Boltning hukmronlik yillarida soyada qolib ketdi. Getlin hozir 39 yoshda va bu sprinterlik yoshi hisoblanmaydi. AQShdagi milliy saralash bosqichida u 100 metrga yugurishda 8-o‘rin bilan kifoyalandi va faoliyatidagi to‘rtinchi Olimpiadasiga bormasligi oydinlashdi.
Devid Rudisha
Sport turi: yengil atletika
Mamlakati: Keniya

Ikki karra Olimpiada chempioni va jahon rekordchisi bilan so‘nggi paytlarda nima ro‘y berayotganligini tushunish qiyin. Keniyalik sportchi 2017 yildan so‘ng umuman o‘ziga o‘xshamayapti. Sabablar yetarlicha: jarohatlar, otasining vafoti, spirtli ichimliklarga ruju qo‘yish, jiddiy avtofalokat. Sportchi mo‘jiza ro‘y berib omon qoldi, biroq avvalgi holatini baribir tiklay olmadi. Bu safar uning musobaqada ishtirok etishiga yana jarohat to‘sqinlik qildi.
Rayan Loxte
Sport turi: suzish
Mamlakati: AQSh

Taniqli suzuvchi o‘zi ishtirok etgan to‘rt Olimpiadada 6ta oltin medalni olib kelgan. Afsuski, 2018 yilda u doping mojarosiga aralashib qoldi va 14 oyga katta sportdan chetlashtirildi. Diskvalifikatsiya muddatini o‘tab yana basseynga qaytgach, Rayan avvalgi yuqori natijalarini namoyish eta olmadi va saralash bosqichidan ham o‘ta olmadi.
Roman Vlasov
Sport turi: yunon-rum kurashi
Mamlakati: Rossiya

Vlasov London-2012 va Rio-2016 Olimpiadalarida ikkita oltin medalni qo‘lga kiritgan hamda jahon chempionatlarida uch marotaba g‘oliblikka erishgan. Roman uchinchi Olimpiadasida ishtirok etishni va g‘olib chiqishni orzu qilar edi. Ammo bu niyatiga yeta olmadi. U Rossiya saralash bosqichidan o‘ta olmadi. Roman 77 kg vazn toifasida Aleksandr Chexirkin va Abuyazid Mansigovdan keyin uchinchi zaxira kurashchisi sanaladi hamda yuqoridagi sportchilarning jarohati yoki boshqa jiddiy sabab bilangina Tokioga tashrif buyurishi mumkin.
Kristian Teylor
Sport turi: uchhatlab sakrash
Mamlakati: AQSh

Amerikalik yengil atletikachi Kristian Teylor ikki marta Olimpiada (2012 va 2016) g‘olibi va to‘rt marotaba jahon chempioni titullarini qo‘lga kiritgan. Kristianning shaxsiy rekordi (18,21 m) – yengil atletika tarixidagi ikkinchi va jahon rekordidan 8 sm uzoqlikdagi natijadir. Tokio-2020da u ishtirok etmaydi – u bahorda Chexiyadagi turnirda og‘ir jarohat bilan safdan chiqqan edi.
Rafael Nadal
Sport turi: tennis
Mamlakati: Ispaniya

«Ulkan toj» turkumidagi musobaqalarning 20 karra g‘olibi dastlab Tokio-2020da ishtirok etmoqchi edi. Ammo iyun oyida ispaniyalik tennis yulduzi kunchiqar yurtga bormasligini ma'lum qildi. Bu juda og‘ir qaror bo‘ldi, biroq Nadal tennisda uzoqroq vaqt qolish uchun tanaffus qilishga majbur bo‘lganini bildirdi.
Serena Uilyams
Sport turi: tennis
Mamlakati: AQSh

Serena Uilyams Olimpiada o‘yinlarining ko‘p karra g‘olibi hisoblanadi. U dastlabki «oltini»ni 21 yil avval – Sidney-2000 o‘yinlarida qo‘lga kiritgan. Shundan so‘ng yakkalik va juftlik bahslarida yana uch marta g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilgan. Rio-2016da esa bronza medaliga sazovor bo‘lgan. 39 yoshli tennischi ba'zi sabablarga ko‘ra, Olimpiada-2020ni o‘tkazib yuborishini barchaga ma'lum qilgan.
Rojye Federer
Sport turi: tennis
Mamlakati: Shveytsariya

Shveytsariyalik tennischi Olimpiada o‘yinlarining juftlik bahslaridagi g‘olibi va yakka tartibdagi finalchisi sanaladi. Biroq Rojye Tokioda ishtirok etmaydigan bo‘ldi va bu qarori bilan muxlislarini ranjitdi. Buning o‘ziga yarasha sabablari bor, albatta. Tizzasidagi jarohat unga musobaqalarda to‘liq kuch bilan o‘ynashiga to‘sqinlik qilmoqda. O‘tgan yili u ikki marta jarrohlik stoliga yotishga majbur bo‘ldi.
Yannis Adetokumbo
Sport turi: basketbol
Mamlakati: Gretsiya

MBAning eng yorqin yulduzlaridan biri Yannis Adetokumbo Olimpiadada ishtirok etishni juda istagandi. Ammo u to‘p suradigan Gretsiya milliy jamoasi saralash bosqichidan o‘ta olmagach Tokio-2020 yo‘llanmasidan quruq qolib ketdi. Shu tariqa, basketbol muxlislari zamonamizning eng kuchli «gulliverchi»laridan birining o‘yinini tomosha qilish baxtidan mosuvo bo‘lishdi.
Lebron Jyeyms
Sport turi: basketbol
Mamlakati: AQSh

Basketbol yulduzining xalqaro faoliyati turli sinovlar va voqeliklarga boy bo‘ldi. Jyeymsning jahon chempionatlaridagi omadsizliklari bilan bir qatorda 2008 va 2012 yilgi Olimpiadalarda AQSh milliy jamoasi bilan erishgan oltin medallarini ham e'tirof etish mumkin.
Lebronning xalqaro faoliyati Tokio-2020dagi Olimpiadadan keyin yakunlashi kutilgandi. Chunki u afsonaviy murabbiy Gregg Popovich qo‘l ostida Yaponiyadagi Olimpiya O‘yinlarida ishtirok etishni orzu qilayotgandi. Biroq Olimpiada 2020 yildan 2021 yilga ko‘chirilgach, 36 yoshli «gulliver»ning rejalari o‘zgardi. Lebron «Space Jam» nomli animatsion filmda suratga tushish va ushbu loyihada ishtirok etishga ko‘proq e'tibor qaratishga qaror qilganini ma'lum qildi va oxir-oqibat AQSh milliy jamoasi safida Tokioga bormaydigan bo‘ldi.
Mavzuga oid
19:35 / 29.12.2021
Tokio-2020 g‘oliblariga atalgan yil. «Uzbekistan Sport Awards-2021» milliy mukofoti laureatlari e’lon qilindi
14:06 / 25.08.2021
Erkin kurash jamoasi bosh murabbiyi: «Tokioda shogirdlarimdan ko‘proq narsa kutgan edim»
05:42 / 24.08.2021
Turkmaniston tarixida olimpiada sovrindori bo‘lgan ilk sportchiga Lexus va kvartira sovg‘a qilindi
07:43 / 10.08.2021