Light | 20:47 / 21.07.2021
62090
3 daqiqa o‘qiladi

Garri Potter kitoblarini yozishga ilhomlantirgan – Porto shahriga sayohat (foto)

Imtihonlar yakunlanib, Yevropa bo‘ylab sayohat qilishni boshladim, - deydi UzbekLife’ning Germaniyadagi kolumnisti Mahkam Hamidov.

Nihoyat universitetdagi imtihonlar yakunlanib, ta'til boshlandi. Fursatdan foydalanib, anchadan buyon niyat qilib kelayotgan Yevropa bo‘ylab sayohat qilishni boshladim.

Birinchi sayohat manzilim, Krishtianu Ronaldu yurti Portugaliya bo‘ldi. Hozir mamlakatning go‘zal shaharlaridan biri Portodaman.

Porto Portugaliyaning ikkinchi katta metropoliyasi. Shaharning o‘zida 200 mingdan ortiq odam yashaydi.

Shaharning asosiy daromad manbai turizm va vino ishlab chiqarish.

Shaharda eng e'tiborimni tortgan jihat hali ham eski binolarining saqlanib qolganligi bo‘ldi.

Ularning aksariyati 11 - 12 asrlarga borib taqaladi.

Masalan, ushbu katedral 12 asrda qurilgan.

Aynan ushbu shaharda dunyoga mashhur portveyn ishlab chiqariladi. Siz rasmda ko‘rayotgan qayiqda bochkalar turipti. Ularning ichida portveyn va ular shu tarzda Atlantika okeaniga chiqib, Yevropaning boshqa shaharlariga tarqalgan.

Ushbu tramvaylar esa 1872 yildan boshlab otlar ularni tortishi orqali harakatlangan. 1904 yildan boshlab elektrofikatsiyalash boshlangan va 1914 yilga kelib otlardan butunlay voz kechishgan va elektr energiyasi orqali harakatlangan. Ular bugungi kunga qadar jamoat transporti sifatida shahar bo‘ylab harakatlanadi.

Porto asosan juda tor ko‘chalardan iborat. Yana bir o‘ziga xosligi, shahar tekislikda joylashmagan, tepa-pastliklar ko‘p.

Cherkovlar bo‘lsa, shaharning eng yuqori va ko‘rinar joylarda qurilgan. Ularni shaharning deyarli har bir burchagidan ko‘rish mumkin.

Shuningdek, shaharni “azuleju”lar bezab turadi. Azuleju – traditsionno Portugaliyaga xos binolarni turli rasmlar bilan kafelga o‘xshagan material bilan bezash, aynan Portoda juda ko‘p binolar, ayniqsa, cherkovlar, azuleju bilan bezalgan. Asosan, ko‘k-oq ranglar bilan bezalib turadi.

Portoning yana bir o‘ziga xos joylaridan biri bu “Lello” deb nomlangan kitob do‘koni. Aynan ushbu kitob do‘koni Joan Roulingni o‘zining mashhur Garri Potter kitoblarini yozishga ilhomlantirgan.

Rouling Porto shahrida oddiy ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lgan va o‘sha davrlarda ushbu do‘konga ko‘p kelib turgan. Garri Potter filmidagi ayrim sahnalar ushbu do‘konda ham suratga olingan.

Mahkam Hamidov
UzbekLife’ning Germaniyadagi kolumnisti

Mavzuga oid