Jahon | 03:18 / 21.07.2021
10919
2 daqiqa o‘qiladi

Ispaniyada Yevropa ittifoqidagi eng baland turar joy binosi qurilishi yakunlandi

Foto: Reuters

Ispaniyada Yevropa ittifoqidagi eng baland turar joy binosi Intempo qurilishi yakunlandi. Bino 17 yil davomida qurildi.

Benidorm shahrida qad rostlagan rekordchi binoning balandligi 187 metrni tashkil qiladi. Bino ikkita minoradan iborat bo‘lib, romb ko‘rinishidagi struktura bilan bog‘langan. Bino lifti Ispaniyadagi eng tezkor lift bo‘lib, u soniyasiga 4,2 metr tezlikda harakatlanadi va binoning eng yuqori qavatiga 52 soniyada ko‘tarila oladi.

Binodagi pentxaus narxi 2 mln yevroga yaqinni tashkil qiladi. Qolgan 47ta qavatdagi kvartiralar narxi 257 ming yevrodan boshlanadi.

Foto: El Confidencial

Uniq Residential promouterining ta'kidlashicha, binodagi 256 kvartiradan 100tasi oldindan sotib bo‘lingan. Kvartiralardan 60 foizini ispanlar, qolganlarini esa ruslar, skandinavlar, nemislar va belgiyaliklar xarid qilgan.

Intempo 17 yil davomida qurilgan. Bu vaqt ichida bino egalari bir necha marta almashgan. Uning hozirgi egasi SVPGlobal jamg‘armasi hisoblanadi.

Bino egalari Intempo’ning ochilishi Benidorm shahrini O‘rta Yer dengizining “Mayami”siga aylantirishda muhim qadam bo‘lishiga ishonmoqdalar.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid