17:43 / 22.07.2021
6834

“O‘zbekneftgaz”: Yetkazib beruvchilar tomonidan 38 ta holatda 6,1 mlrd so‘mlik shartnoma majburiyatlari qo‘pol ravishda buzilgan

Bugungi kunda dunyo bo‘ylab davom etayotgan bir tomondan jadal rivojlanish, ikkinchi tomondan tahlikali koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq global inqiroz davrida iqtisodiy hamkorlarni, biznes sheriklarning yoki kontragentlarning ishonchli va halol bo‘lishi, munosabatlar o‘zaro manfaatli tarzda to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi juda ham muhim hisoblanadi.

“O‘zbekneftgaz” AJda Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayevning topshirig‘iga asosan 2020 yil va 2021 yilning o‘tgan davrida tizim korxonalari bilan imzolangan shartnomalar ijrosi, majburiyatlarni asossiz va surunkali ravishda buzib kelayotgan kontragentlar o‘rganib tahlil qilindi.

Xususan, Moliyaviy va komplayens nazorat departamenti tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda tovarlarni (ish, xizmat) vaqtida yetkazib bermaslik, sifatsiz, muddati o‘tgan yoki texnik topshiriqlarga nomuvofiq bo‘lgan tovarlar yetkazilishi, shuningdek, shartnoma shartlariga sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘lishi holatlari yuzasidan 120 ta shartnoma bo‘yicha muammoli va ishonchsiz kontragentlar tomonidan jami 38 ta holatda 6,1 mlrd so‘mlik sifatsiz yoki texnik topshiriq talablari bajarilmagan holda moddiy qimmatliklar (xizmatlar) yetkazilishi natijasida shartnoma majburiyatlarining buzilishiga yo‘l qo‘yilgan.

Misol uchun, 2020–2021 yillar davomida 2 ta holatda kontragentlar tomonidan 4,7 mlrd so‘mlik mahsulot (xizmat) yetkazib berilmasdan, shartnoma majburiyatlarining qo‘pol ravishda buzilishiga yo‘l qo‘yilgan.

Yoki, yuqoridagi davr mobaynida 16 ta holatda kontragentlar tomonidan shartnoma muddatlari buzilishi natijasida Jamiyatga 853,4 mln so‘m zarar yetkazilgan. Yuzaga kelgan holatni bartaraf etish va yetkazilgan zararni undirish bo‘yicha sudga tegishli tartibda da'vo arizalari kiritilgan.

Alohida ta'kidlash joizki, ayrim kontragentlar tomonidan shartnoma shartlariga nomuvofiq bo‘lgan tovarlarni yetkazish holatlari ham qayd etilmoqda.

Masalan, 4 holatda kontragentlar tomonidan jami 107 mln so‘mlik texnik topshiriqqa nomuvofiq mahsulot yetkazib berilgan bo‘lsa, boshqa 2 kontragent bo‘yicha 57 mln so‘mlik yetkazib berilgan tovarlar kafolat davrida yaroqsiz holatga kelgan.

Tizim korxonalari (boshqarma, zavod, neft bazalari) mutasaddi xodimlari bilan hamkorlikda ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida ishonchsiz va muammoli kontragentlar bilan imzolangan shartnomalar doirasida jami 82 ta holatda 3,3 mlrd so‘m miqdoridagi zarar yetkazilishining oldi olinishiga erishildi.

Jumladan, Jamiyat mutassadi hodimlari tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 2,2 mlrd so‘mlik texnik topshiriqqa nomuvofiq bo‘lgan mahsulotlarning yetkazib berilishi oldi olingan.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, “O‘zbekneftgaz” AJda shartnoma majburiyatlarini amalga oshirish jarayonida yuzaga kelgan salbiy holatlar bo‘yicha “shubhali va muammoli kontragentlar ro‘yxati” shakllantirilib, kelajakda ularni alohida nazorat tartibida o‘rganish hamda zaruriyatdan kelib chiqib ularga nisbatan xarid jarayonlaridagi ishtiroklariga cheklovlar qo‘llash yuzasidan chora tadbirlar belgilab olindi.

Bu kabi salbiy holatlarni bartaraf etish va oldini olish bo‘yicha profilaktik nazorat ishlari davom ettiriladi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati 

Top